O‘zbekistonda qish faslining boshida qanday ob-havo kutilayotgani aytildi
O‘zgidromet dam olish kunlarida va qishning boshlanishida qanday ob-havo kutilayotganini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, dam olish kunlari O‘zbekiston bo‘ylab bulutli ob-havo saqlanib turadi. Shimoliy hududlardan tashqari boshqa joylarda yog‘ingarchilik, ko‘proq qor yog‘ishi kutilmoqda. Harorat sezilarli o‘zgarmaydi.
Dushanba kunidan boshlab yog‘ingarchiliklar to‘xtaydi. Lekin haftaning oxirigacha sovuq havo saqlanib turadi. Kechasi va ertalabki soatlarda 3—8 daraja sovuq, kunduzi 0—5 daraja iliq atrofida bo‘ladi.
O‘zgidromet jahonning yetakchi ob-havo markazlari ma’lumotlariga tayanib berayotgan baholariga ko‘ra, dekabr o‘rtacha nam va harorat bo‘yicha me’yorlarga yaqin bo‘ladi. Oy davomida harorat kechasi 2—7 daraja iliqdan 0—5 daraja sovuqqacha, kunduzi 10—15 daraja iliqdan 0—5 daraja iliqqacha o‘zgarib turadi.