O‘zbekistonda internet tezligi rekord darajaga chiqadi. Qachon?
2 iyul kuni Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Azim Axmedxo‘jaev raisligida vazirlik Hay’at kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda 2018 yilning bir yarim yilligida axborot-kommunikatsiyasi texnologiyalarining rivojlanish holati, shuningdek sohaga xorijiy sarmoyalarning jalb etilishi va investision loyihalarning amalga oshirilishi sarhisob qilindi.
“Hay’at yig‘ilishida joriy yil boshidan bugungi kunga qadar O‘zbekiston bo‘ylab 690 km optik tolali aloqa tarmoqlari yotqizilgani, mobil operatorlarning 1004 ta baza stansiyalari o‘rnatilgani, ularning 483 tasi 3G hamda 4G LTE texnologiyasida xizmat ko‘rsatishi qayd etildi. Ayni kunda Respublika bo‘ylab 24,5 ming km optik tolali aloqa tarmoqlari o‘tkazilgan, jami 20,994 ta baza stansiya o‘rnatilgan”, deyiladi Axborot xizmati xabarida.
Endi vazirlik tashabbusi bilan sohaga sarmoya va sarmoyadorlarni jalb qilishga mo‘ljallangan maxsus portal faoliyati tashkil qilmoqda. Unda mamlakatning AKT salohiyati, mavjud imkoniyat va qulayliklar, hukumat tomonidan berilgan imtiyozlar, istiqboldagi rejalar, xorijlik investorlarni qiziqtirishi mumkin bo‘lgan investision muhit to‘g‘risida ma’lumot keltiriladi.
Hay’at kun tartibiga ko‘ra, sohaning joriy yil birinchi yarim yilligida rivojlanish holati sarhisob qilindi. Unga ko‘ra sohada xizmat ko‘rsatish ko‘lami o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 118,9% ga oshgan. Xalqaro internet kanallariga ulanish tezligi sekundiga 140,034 Gbit.ga yetgan. Ya’ni, 2018 yilning boshiga nisbatan 1,5 barobar oshgan (yil boshida 94,034 Gbit/s). Shuning bilan birga, internet provayderlar uchun xalqaro internet kanallariga ulanish narxi o‘zgarishsiz qolgan – 1 Mbit/s uchun 244985 so‘m.
Hay’at yig‘ilishida asosiy e’tibor joriy yilda amalga oshirish rejalashtirilgan vazifalarga qaratildi.
Xususan:
- xalqaro tajriba va rivojlanish tendensiyalarini hisobga olgan holda 2018 2021 yillarda “elektron hukumat”ni rivojlantirish bo‘yicha strategiyani ishlab chiqish;
- MUIC a’zolari tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar ulushini 2 hissa, eksport qilinayotgan mahsulotlar hajmini 1,8 barobar oshirish;
- Markaz a’zolariga yangi bozorlarga chiqish imkonini yaratish uchun xalqaro hamkorlikni rivojlantirish;
- xalqaro internet kanallarining o‘tkazuvchanligini 8,10 barobar oshirib, sekundiga 1 Tbitga yetkazish;
- xalqaro yetakchi telehauslarga ulanish nuqtalarini tashkil qilish va turli yo‘nalishlar bo‘yicha yangi marshrutlarni bosqichma-bosqich tashkil qilish;
- magistral telekommunikatsiya tarmoqlarini kengaytirish maqsadida mamlakat bo‘ylab 2 ming kmlik optik tolali aloqa tarmoqlarini tortish;
- pochta aloqasini rivojlantirish va yangi xizmatlarni joriy qilish yuzasidan hukumatning tegishli qarorini ishlab chiqish;
Hay’at kengashining yig‘ilishi natijalariga ko‘ra, sohani istiqbolda rivojlantirish chora-tadbirlari o‘rin olgan qaror qabul qilindi.