O‘zbekiston koronavirus sabab avia va avtoqatnovlarni to‘xtatadi.
O‘zbekiston 16-martdan boshlab boshqa davlatlar bilan barcha aviareyslarni bekor qiladi, mamlakatga avtotransportda kirish-chiqish yo‘llari ham yopiladi. Bu haqda 15-mart, yakshanba kuni, bo‘lib o‘tgan maxsus matbuot anjumanida O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov ma’lum qildi, deya xabar bermoqda “Daryo” muxbiri. Tadbirda temiryo‘l qatnovlarini to‘xtatish masalasini hal qilish uchun kun, vaqt ajratilgani ma’lum qilindi. Bu qaror ayni vaqtda Rossiya va boshqa davlatlarda bo‘lib turgan O‘zbekiston poyezdlarining qaytib kelishi bilan bog‘liq ekani ta’kidlandi. Ayni vaqtda xorijda bo‘lib turgan, biroq Vatanga qaytish istagini bildirgan vatandoshlar charter reyslar bilan O‘zbekistonga qaytarilishi mumkin. Ular O‘zbekistonga qaytgach, ikki hafta karantinda bo‘ladi. Koronavirus epidemiyasining oldini olish maqsadida oliy ta’lim muassasalarida o‘qish to‘xtatilgani munosabati bilan, viloyatlarda yashaydigan talabalarning uyga qaytish xarajatlari uchun 50 foizgacha chegirma taqdim etiladi. Bundan tashqari, jamoat transportining shohbekatlari va temiryo‘l depolarida yo‘lovchi transporti vositalari har to‘rt soatda dezinfeksiya qilinishi lozimligi ham ta’kidlab o‘tildi.