Shahardan qaytayotib, avtobusga chiqdim. Odam siyrak, ulovning hali jo‘naydigan shashti yo‘q. Bir-ikkita kitob xarid qilgandim, mutolaaga kirishdim. Bir payt:
– Bu joy bo‘shmi, opa? – deya so‘radi kimdir.
– Ha, bemalol. Hech kim yo‘q, – dedim. Qarasam, qo‘lida bola ko‘tarib olgan yosh kelinchak.
– Opa, telefoningizni berib turolmaysizmi? Onamga qo‘ng‘iroq qilib olsam, degandim, – so‘radi u.
Onasi bilan bir yig‘lamsirab, bir asabiy gaplashdi. Negadir, unga achindim, ko‘ngil so‘ragan bo‘ldim.
– Qachonlardir qilgan xatolarimning jabrini tortyapman. Aslida menga shu ham kam, – dedi o‘zini Munira deb tanishtirgan hamrohim.
– Nega unday deysiz, sabrli bo‘ling. Qarang, qanday shirin farzandingiz bor ekan, – dedim yupatgan bo‘lib.
– Ayting-chi, ko‘rinishimdan o‘g‘riga o‘xshaymanmi? Javobingiz aniq, yo‘q, to‘g‘rimi? Lekin bu haqiqat! …Men o‘g‘riman. Qo‘li egrilik o‘quvchilik davrimdan oilam barbod bo‘lgunga qadar ortimdan soyadek ergashib yurdi. Dastlab sinfdoshlarim mendan yuz o‘girishdi, ustozlarim avval nasihat, so‘ng dakki berib charchashdi. Maktabni bitirdim va ular o‘g‘ridan qutulishdi. Kollejda kursdoshlarimning pullari, narsalari yo‘qola boshladi. Bora-bora mendan o‘zlarini olib qochadigan bo‘lishdi. Mahalla-ko‘y ham bilardi. Shu sabab, chekka qishloqdan kelgan sovchilarga ota-onam ra’yimga ham qaramay, uzatib yuborishdi. Endi unday qilmayman, har holda oilali ayolman, deya o‘zim-o‘zimga so‘z berdim.
Yo‘q. Bukrini go‘r tuzatar ekan. Qaynona-qaynotamning omonatiga ham tap tortmay xiyonat qiladigan bo‘ldim. Bir kuni qaynonam so‘rab qoldi:
– Kelinjon, shkafning ustidagi pullarga ko‘zingiz tushmadimi? Qaynotangiz so‘rayotgandi.
– Yo‘q! – dedim ularning ko‘ziga tik qarab. Ammo o‘sha kuni ilk bor mendan shubhalanishayotganini sezdim. Oxiri o‘g‘riligim oshkor bo‘ldi. Qo‘ni-qo‘shni, to‘y-ma’rakaga borsak ham yana o‘sha eski hunar… yaqinlarimni uyatga qoldirardim.
– Nomusga o‘ldirding, yo‘qol ko‘zimdan. Ortiq sen bilan yashamayman, – deya erim uydan xaydab yubordi.
Qilmishlarim kasriga ota-onamning yuzi yerga qaradi. Osoyishta hayotim buzildi. Baxtim ham o‘g‘irlandi. Yo‘q, uni o‘zim o‘g‘irladim…
Avtobus bir muddatga to‘xtadi. Yo‘lovchilar toza havoga chiqishdi. Men ham hozir kelaman, deya suv ichgani tushdim. Ko‘p o‘tmay yana yo‘lda davom etdik.
Suhbat bilan chalg‘ib, manzilga ham yetib kelganimizni sezmay qolibman. U bilan xayrlashayotib:
– Singlim, egilgan boshni qilich kesmas, deyishadi. Hali ham kech emas. Borib kechirim so‘rang, farzandingiz kelajagini o‘ylang, – dedim.
– Maslahatingiz uchun rahmat, opajon. Ko‘nglimga ancha taskin berdingiz. Siz aytgandek qilaman, – dedi u xayrlashar ekan.
Qishlog‘imizga qatnaydigan taksiga o‘tirdim. Uyga yetgach, yo‘l kira haqqini to‘lay, deb sumkamga qarasam, hamyonim yo‘q ekan…
Latofat ISOQOVA
«Jomboy tongi» gazetasidan.