Меню
Поиск
Фотоалбом
Главная » Файлы » SHOU-BIZNES HABARLARI

Nega bizning multfilmlar zerikarli?

Bugun bahs maydoniga ikki multiplikatsiya sohasi vakillarini taklif etdik. Mehmonlarimiz — O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat hodimi Mavzur Mahmudov va animatsiya sohasida faoliyat yuritib kelayotgan yosh ijodkor Javlon Turdixo‘jaev. Uchrashuv davomida ular O‘zbekistondamultiplikatsiya sohasining oqsab qolgani sabablari haqida gapirish bilan birga, mavjud muammolarni hal etishtakliflarini ham bildirishdi...

“Muammo — mutaxassislarning tanqisligida”

Mavzur Mahmudov: — Bugungi kun animasion filmlari haqida gapirishdan oldin unda rivojlanish, yangilikka intilish borligini aytib o‘tmoqchiman. Birinchi o‘zbek multfilmlari muallifi Damir Salimov davridan to bugungacha bo‘lgan vaqt — 50 yillik muddatni olib qaraydigan bo‘lsak, muvaffaqiyatlarimiz yaqqol ko‘zga tashlanadi. Xorijiy davlatlarda o‘tkazilgan xalqaro festivallarda ham ijodkorlarimiz e’tirof etilyapti. Bundan tashqari, xususiy studiyalar orasida ham aynan animatsiya sohasida ijod qilayotganlari bor. Bu esa multiplikatsiyaning turi va janrlari ko‘payishiga zamin yaratadi. Lekin faqat shuning o‘zi bilan chegaralanishimiz noto‘g‘ri.

Sohaning asosiy muammolaridan biri bu yaxshi mutaxassislarning yetishmasligidir. Bunga multiplikatsiya sohasining mashaqqati sabab bo‘layotgani aniq. Chunki bizning ishimiz igna bilan quduq qazish bilan barobar desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Kasbimizda sabrli va multolamga haqiqiy ishqiboz bo‘lganlargina ishlay oladi.

Javlon Turdixo‘jaev: — Gapingizga qo‘shilaman. Bizning sohada mutaxassislarning tanqisligi juda katta muammolarni keltirib chiqaryapti. Yaxshi ssenarist, rassom-animatorlar, rejissyorlar hamkorlikda ishlashi bilangina yaxshi natijalarga erishishimizmumkin.

M.M.: — Bugun bolalar yozuvchilari bor, ularning qiziqarli hikoya va ertaklarni ko‘ramiz. Lekin ular ichida aynan multiplikatsiya tilini tushunadiganlari yo‘q. Multfilmlar uchun ssenariy yozilganda albatta, tasvir, dialog, musiqa, dinamika va qahramonlarning obrazlarini inobatga olish shart. Muhim omillarning birortasi e’tiborsiz qolsa ham, bu asar ustuni yo‘q binoga teng bo‘ladi. Nafaqat ssenarist, balki rejissyor, rassom-animatorlar tanqisligi ham bor gap. Sahamizning nozikligi ham shunda.

“Multfilmlarni maqtash emas, tanqid qilish kerak”

J. T.: — Negadir aynan bizning sohaga bo‘lgan e’tibor o‘zimiz istagandek emas. Ya’ni “O‘zbekkino” milliy agenligi tomonidan animasion filmlar masalasiga jiddiy qaralmaydi. Aslida multiplikatsiya eng muhim sohalardan biri hisoblanadi. Axir, kelajak avlodning ongi, hayot haqidagi tasavvuri va zehni aynan multfilmlar orqali shakllanadi.

M. M.: — Biz multiplikatorlar yo‘l qo‘yayotgan kamchiliklarni ayamay yuzimizga ayta oladigan tanqidchilar yo‘q! To‘g‘ri, suratga olingan yangi multasar badiiy kengashda ko‘riladi, muhokama bo‘ladi, hamkasblarning fikrini eshitamiz, biroq haqiqiy tahlil, tanqid yo‘q. Badiiy kinolar ko‘rilganda sinchikovlik bilan har bir detalini kuzatadiganlar, multfilmga kelganda “Juda yaxshi chiqibdi, tarbiyaviy ahamiyati kuchli” degan maqtovlardan u yoqqa o‘tishmaydi. Vaholanki, yosh avlodni tarbiyalashimiz kerak, deb dedaktika bilan aql o‘rgatishimiz shart emas. Vazifamiz — voqeani ko‘rsatib, xulosani kichik tomoshabinning o‘ziga qoldirishdir. Bundan tashqari xuddi badiiy filmlardagi kabi multqahramonlarning ham tashqi ko‘rinishiga, berilgan xarakteriga e’tibor berish shart. Biz suratga olgan multfilmlar qanchalik tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘lmasin uning ta’sviri chiroyli bo‘lmasa, ommalashishishi qiyin.

J. T.: — Tasvirga olinayotgan yangi ijodiy ishlarni yetkazib berishda televideniening ham o‘rni katta. Chunki telekanallar, biz va tomoshabinlar o‘rtasida ko‘prik bo‘lishadi.

M. M.: — Aynan shu haqda gapirmoqchi edim. Televidenie milliy multfilmlardan faqat ayrimlarini ko‘rsatish bilan chegaralanadi. Yangi ijodiy ishlarni xalqqa yetkazishda faol emas. Buning oqibatida bolalarimiz chet el multfilmlarini ko‘rib, ularga qiziqib qolishgan. Lekin xorijiy multfilmlarning ayrimlarida bola psixologiyasiga, tarbiyasiga aks ta’sir ko‘rsatadigan jihatlar bor. Chunki bu sohada mentalitetni hisobga olish muhim. Nazarimda milliy telekanallarimiz o‘zimizning mulfilmlarimizni ko‘proq ko‘rsatishi va ularga tomoshabinni o‘rgatishi lozim. Chunki men ham, boshqa hamkasblarim ham, ko‘cha kuyda biz yaratgan qahramonlarni o‘ziga ideal qilgan bolakayni uchratishni orzu qilamiz.

“Endi professional multiplikatorlar tayyorlanadi”

M. M.: — Shu fursatdan foydalanib sohamizda amalga oshirilgan eng muhim va kutilgan bir yangilik bilan bo‘lishmoqchiman. Shu yildan e’tiboran Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va Dizayn institutida multiplikatsiya bo‘limini tashkil etdik. Bu sal kam 10 yil harakatlarimdan keyin amalga oshirildi. Nihoyat, sohamizga qiziqqan va mutaxassis bo‘lishni istaganlar bilan tajriba bo‘lishyapmiz. Biroq shu bilan hamma ish hal, degani emas. Chunkidarslarni yuqori darajada o‘tish uchun haligacha kerakli texnika vositalari bilan ta’minlanmadik. Talabalar chizgan suratlarni zamonaviy uskunalarda jonlantirish uchun albatta, sharoit bo‘lishi kerak. Nima bo‘lganda ham eng muhimi boshlab oldik. Qolganiga ham erishishimizga ishonaman. Hozir sakkizta talaba saboq olyapti. Ochig‘i, ularning hammasi ham tanlagan kasbini to‘liq anglamagan. Lekin ulardan uchtasi bo‘lsada ishni eplab ketsa, yaxshi mutaxassis bo‘la olishsa, menimcha, shuning o‘zi ham yaxshi natija bo‘ladi.

J. T.: — Bu sohada hali o‘zimni ustoz, deb bilmasam ham, kichik jamoamiz bilan ijod qilib kelyapmiz. Ish jarayonida juda ko‘plab yoshlarni kuzatdim. Afsuski, bugun ulardan aksariyatida sabr, qunt yetishmaydi. Ularda shu sohani puxta egallayman, qiyinchiliklarga tayyorman, degan maqsadni ko‘rmayapman. Hatto, e’lon berib jamoamizga yangi ijodkorlarni taklif qilganimizda ikki kun ishlab, qochib ketganlar bo‘ldi.To‘g‘ri, ishimizning mashaqqati ko‘p, busiz iloji yo‘q. Shuning uchun ham yuqorida siz aytgandek bizning kasbga albatta, yaxshi ma’noda “telba” bo‘lganlar kerak.

“Talab qilishadi biroq imkoniyat yo‘q”

M. M.: — Bugungi kunda rahbarlarning qayta-qayta o‘zgarishi oqibatida berilgan takliflar asosidagi ishlar chala qolib ketayotgani ham sohamizni rivojlanmayotganiga to‘sqinlik qilyapti. Aytilgan gaplar,qog‘ozda qolib ketayotgani yomon-da. Esimda, bundan bir necha yil avval kino sohasini rivojlantirish uchun qarorlar imzolangandi. Unga ko‘ra, o‘nta multiplikasion film, o‘n beshta badiiy va qirqta hujjatli filmlar suratga olinishi va buning uchun barcha kerakli texnika bilan ta’minlanishi kerak edi. Tan olaman, biz o‘zimizga yuklatilgan ishni bajara olmadik. Ya’ni, o‘nta multfilmni xalqqa yetkazib berish qo‘limizdan kelmadi. Bunga birinchi sabab mutaxassisning yetishmagani bo‘lsa, ikkinchidan texnik imkoniyatimiz chegaralangan edi. Hatto hozirgi kunda ham kompyuterlarimizning holati qoniqarlimas. Nazarimda, ijodkorga talab qo‘yildimi, demak uni amalga oshirish uchun albatta, imkoniyatlar ham yaratilishi kerak. Agar shunda ham ishlamasak, bizni urshishsa arziydi.

J. T.: — Texnika haqida gap ketganda bugun ko‘pgina rivojlangan davlatlarda qo‘llanilayotgan “Moushen kepchur” uskunasi haqida ham gapirib o‘tmoqchiman. Bu uskunada ishlangan multfilmlarda, qahramonlar chizilmaydi. Qahramonlarning harakatini haqiqiy aktyorlar bajaradi. “Moushen kepchur” esa ularni animasion qiyofaga aylantiradi. Ochig‘i, bu ijodkorni dangasa qilib qo‘yishi aniq. Chunki animatsiya inson qo‘li bilan yaratilishi shart. Hatto, Gollivudda ishlaydigan mutaxassislar ham bu haqiqatni ko‘p takrorlashishadi.

“Xorijiy mutaxassislar bilan tajriba almashuvi kerak”

J. T.: — Mavzur aka, e’tibor bergan bo‘lsangiz so‘nggi 10-15 yil ichida sohamiz texnika tomonlama juda rivojlandi. Avvallari ikki-uchta odam bajaradigan ishni, bugun kompyuterning o‘zi amallaydi. Lekin bu bilan biz barcha imkoniyatlardan to‘liq foydalanyapmiz deyolmayman. Xorijiy hamkasblarimizdan o‘rganadiganlarimiz juda ko‘p. Shu o‘rinda bir taklif aytmoqchiman. Iqtidori, salohiyati va sohamizga qiziqishi bor yoshlarni chet el tajribasini o‘rganish uchun xorijga yuborish kerak. Ular malaka oshirib bir kun milliy multfilmlarimizni dunyoga tanitishlariga ishonaman.

M. M.: — Javlon, siz aytgan tizim avvallari bo‘lgan. Shaxsan o‘zim, Kiev, Belorusiya, Armaniston kino studiyalariga borib malaka oshirib kelganman. Biroq ayni kunlarda bu narsani davom ettirish uchun birinchi o‘rinda tegishli tashkilotlar ishga kirishishi kerak. Chunki ijodkorlar bunday taklif bilan chiqishsa ham uning tashkiliy va moliyaviy tomonini hal qilishda rahbarlar yordam bermasa bo‘lmaydi.

“Festivallar uchun emas xalqimiz uchun ishlaylik”

M. M.: — Bugungi kun xalqaro festivallari haqida ham ikki og‘iz gapirib o‘tmoqchiman. Chunki shaxsan men uchun bu sohada eng nufuzli ikkita festival bor xolos. Qolgani ijodkorlarning tajriba almashishi uchun yaxshi bahona. Bu albatta yaxshi! Lekin nazarimda, biz ma’lum bir festivallarda ishtirok etish uchun emas, xalqimiz uchun ishlashimiz kerak.

J. T.: — Fikringizga qo‘shilaman, biz avvalo o‘zimizning tomoshabinning mehrini qozonishimiz shart! Bahs doirasida aytilgan yuqoridagi takliflarimiz ham e’tiborsiz qolmaydi degan umiddamiz. Shundagina sohamizda yaxshi o‘zgarishlar yuz berishi mumkin.

Aliya SULAYMANOVA

Fotomuxbir Islom RO‘ZIEV



Категория: SHOU-BIZNES HABARLARI
Просмотров: 4180 | Рейтинг: 0| Рейтинг: Multfilm
Mavzuga Oid Boshqa Yangiliklar:
Реклама

Всего комментариев: 0
Элатма: Сайт ходимлари ўзларига ёқмаган изоҳларни фаоллаштирмаслик ва огоҳлантирмасдан ўчириш ҳуқуқига эга. Изоҳлар ҳақида тўлиқ маълумот мана бу манзилда (босинг)
Имя *:
Email:
Код *:

Профил

Время: 03:50
Добро Пожаловать, Mexmon

 
Новинка у нас
Самое Популярное
Самое Популярное