Yaratgan egamga ming shukurlar bo’lsinki, jannatmakon yurtimiz O’zbekistonda har bir fasl ayni o’z vaqtida tarovati bilan dillarni xushnud qiladi. Bahor fasllar kelinchagi, uyg’onish fasli, to’rt fasl ichra eng go’zali… Yoshi ulug' bobojon va buvijonlarimiz shu kunlarga yetkazganiga ming bora shukur»,- deb duoga qo’l ochar ekanlar hamisha «Yurt tinchligi, hayotimiz farovonligini» tilaydilar. Bahor bor tarovati va go’zalligi bilab tashrif buyuradi-yu, shu bilan bahoriy bayramlarning ham keti uzilmaydi. Bu bayramlar ichida nafaqat xalqimizning, balki butun O’rta Osiyo xalqlarining eng qadimiy, eng sevimli, eng chiroyli bo’lgani «Navro’z»dir. Bejizga » Har kuning Navro’z bo’lsin» deb aytilmaydi. Bu mo’jizaviy kun aslida o’tmishda «Yil boshi, Yangi yil» hisoblanib, «Yangi kun» degan ma’noni anglatadi. Navro’z bayramlar sarasi. Shu kuni yaqinlar diydor ko’rishadilar, barcha qo’lidan kelganicha savob ishlar qilishga intiladi, o’yin-kulgu bo’ladi, keksalar holidan xabar olinadi. Bular asrlar davomida shakllanib, sayqallanib kelayotgan urf-odatlarimizdir. Navro’zning intiqib kutilishiga yana bir sabab, shu kuni dasturxonlarimizdan milliy taomlarimiz joy olib, barcha qarindoshlar birgalikda ezgu niyat bilan «Sumalak» va «Halim» kabi milliy taomlarimizni tayyorlashadi. Biz ham aziz yurtdoshlarimiz, saytimizning doimiy foydalanuvchilarini «Navro’z» ayyomi balan chin qalbdan qutlaymiz. Hamisha tinchlik, farovonlik bo’lsin. Xonadonlarimizni fayz va baraka tark etmasin. Kimki diliga yaxshi axd qilgan bo’lsa, amalga oshsin. Yil davomida yaxshi kayfiyat, ezgu amal sizni tark etmasin. Har kunimiz Navro’z bo’lsin!!!
|