Munisaning Sakramento taronasini mazmuni ham sakrab ketipti-ku?
Munisa Rizayeva san’atkorlar ichida tanqidlarni mardlik bilan qarshi oladigan, doimo ijodida yangilikka intiladigan xonandalardan sanaladi. Ammo uning bu galgi yangiligi, ya’ni — “Sakramento”sini tinglayotgan tinglovchilar lol!
O‘zbek va xorijiy tillar mosh-guruchdek aralashib ketgan ushbu qo‘shiqni tinglab, ona tilimizning naqadar qo‘pol ravishda buzilganligiga guvoh bo‘lasiz. Qo‘shiq so‘zlariga e’tibor bering: Bo‘ldi bo‘ldi, yig‘lamento, Buzilmasin kosmetiko, Ko‘z yoshlarim tomchilatma, Logika logikali. Yana vizama, viza yuribman, Yevropani kezib yuribman. Siz to‘xtagan mehmonxonalar baland bunchali? Sakramento va h.k...
Ushbu qo‘shiq so‘zi muallifi Eldor Qayumov ekanini bilib undan izoh so‘radik. Eldor Qayumov: — Bu hazil qo‘shig‘imiz bir yil avval yaratilgan. Asosan, ingliz, ispan, o‘zbek, fransuz va rus tillaridagi so‘zlardan foydalanib yozilgan. Bu so‘zlarini menimcha maktab bolasi ham bilsa kerak. “Vivala, vidalavi” ko‘p ashulalarda foydalanilgan navbatchi so‘zlar. P\S”: Muallifdan “Sakramento degan so‘zni qaysi ma’noda qo‘llagansiz?” deb so‘raganimizda, u Sakramento ko‘cha tilida “sakramang” degan ma’noda qo‘llanilgan” deb javob berdi.
Ana xolos! Ko‘cha tilida she’r yozadigan muallif AQShda Sakramento degan shahar borligidan yoki bu so‘z ispanchada “Mo‘’jiza” degan ma’noda qo‘llanishidan xabari yo‘q shekilli.