“MTS” va O‘zbekiston qo‘shma korxonasi 15-avgustgacha tuziladi
Universal Mobile Systems (UMS) qo‘shma korxonasini tuzish ishlari bo‘yicha yangi tafsilotlar ma’lum bo‘lmoqda.
“RIA Novosti” xabar berishicha, uni tuzish ishlari 15-avgustgacha, qo‘shma korxonani ro‘yxatga olish ishlari esa 25-sentabrga qadar tugallanishi kutilmoqda.
Yangi qo‘shma korxona qanday brend ostida faoliyat olib borishi hozircha noma’lum.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi “Mobil aloqa xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha Universal Mobile Systems qo‘shma korxonasini tuzish to‘g‘risida”gi qarorni qabul qilgan. Qarorda belgilanishicha, UMS 1-noyabrga qadar texnik, 1-dekabrga qadar tijoriy ekspluatatsiyani amalga oshiradi.
Avvalroq, “MTS” kompaniyasi O‘zbekiston hukumati bilan murosa bitimi imzolagani, O‘zbekistonda yangi qo‘shma korxona tashkil etishi, korxonaning 50,01 foizi “MTS”ga, 49,99 foizi esa O‘zbekiston hukumatiga tegishli bo‘lishi haqida xabar bergan edi.
“MTS”ning O‘zbekistondagi avvalgi sho‘basi – “O‘zdunrobita” kompaniyasi amalda 2012-yil iyulida faoliyat ko‘rsatishni to‘xtatgan edi. O‘shanda aloqa sohasidagi nazorat qiluvchi organ (O‘zbekiston Aloqa va axborotlashtirish agentligi) tomonidan kompaniyaning litsenziyalari chaqirib olingan, keyinchalik O‘zbekistonning turli organlari tomonidan umumiy qiymati 600 million dollarga teng bo‘lgan da’volar e’lon qilingan edi.