“Mirzo” Teatrining katta konsert dasturi tafsilotlari
Insonlarga bahoriy kayfiyat ulashish, yuziga kulgu va tabassum hadya etishni har kim ham uddasidan chiqolmaydi. Halqimiz ardog‘ida bo‘lgan Mirzabek Holmedov boshchiligidagi “Mirzo” teatri esa mana yigirma yildirki, har yili bahorning ilk oyida o‘zining katta konsert dasturini namoyish etadi. 1 aprel Kulgu va xazil kuni arafasida taqdim etiladigan mazkur dastur uchun katta tayyorgarlik ko‘rilib, ijodiy jamoa muxlislarga yaxshi kayfiyat ulashish maqsadida tinimsiz mehnat qilishadi.
Bu yil 30, 31 mart hamda 1, 2, 3 aprel kunlari “Istiqlol” san’at saroyida bo‘lib o‘tayotgan “Xash-pash deguncha” nomli katta dasturga nafaqat poytaxtliklar, balki turli viloyatlardan mehmonlar tashrif buyurishmoqda. Konsertga tashrif buyurgan har bir tomoshabinning ko‘zida katta qiziqish va sog‘inch bilan bu dasturni kutishgani sezilib turdi.
Sahnada Shukrillo Isroilov, Valijon Shamshiev, Oybek va Ulug‘bek Holmedovlar, Botirxo‘ja Imomxo‘jaev, Xalimahonim, Ma’mur Holmedovlar qiziqarli va yumorga boy sahna ko‘rinishlari namoyish etib, tomoshabinlar diqqatini tortishdi. Mirzabek Holmedovning xangomalari esa butun zalga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.
Har yilgi konsert dasturining eng kulminasion nuqtasiga aylangan Mirzabek Holmedovning onalarni ulug‘lovchi monologi bu safar ham muxlislari qalbiga yetib bordi. Onasidan yiroqda mehnat qilayotgan farzand haqidagi mazkur monolog ko‘pchilikning ko‘zini namladi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Konsertning yana bir eng yorqin jihati dastur mehmoni vodiylik san’atkor Tohir Mahkamov o‘z kuy-qo‘shiqlari bilan barchani hushnud etgani bo‘ldi.
Bugun dasturning xazil mutoyibaga boy ikinchi kuni, yana oldinda uch kunlik konsert kunlari turibdi. Ijodiy jamoaga charchoq nimaligini bilmasdan o‘tkazayotgan dasturlari muvafaqqiyatli yakunlanishini chin dildan tilab qolamiz!