20-may kuni Nyu-Yorkda Microsoft kompaniyasi Surface Pro
uchinchi avlod planshet kompyuterini taqdim etdi. U avvalgilaridagi 10,6 dyuym
o‘rniga, 12 dyuymli ekran bilan ta’minlandi.
Microsoft’ning Surface planshetlari bo‘yicha
vitse-prezidenti Panos Panay aytishicha, Surface Pro 3’ni ishlab chiqishda
kompaniya noutbuk va planshet tanlovi o‘rtasidagi muammoni hal qiladigan, har
ikkalasining o‘rnini bosadigan qurilma yaratishni xohlagan.
Yangi planshet Surface Pro 2’ga qaraganda kattaroq displeyga
ega bo‘lgan bo‘lsa-da, uning og‘irligi, aksincha, kamaydi (Surface Pro 2 – 907
gramm, Pro 3 – 800 gramm). Bundan tashqari, avvalgi 10,8 mm o‘rniga 9,1 mm
qalinlikka ega bo‘ldi.
Planshetdagi yangiliklardan yana biri shundaki, "uy” tugmasi
gorizontal emas, vertikal panelda joylashdi. Surface Pro 3 Windows 8.1 Pro
platformasida ishlaydi, ikkita 5 megapikselli kameraga ega. Intel Core
to‘rtinchi avlod protsessori, 4 – 8 Gb tezkor, 64 – 512 Gb ichki xotiraga ega.
Surface Pro 3’ning minimal narxi AQShda 799 dollarni tashkil
etadi, bu o‘tgan yilgi Surface Pro 2 minimal narxidan 100 dollarga arzondir.
Biroq konfiguratsiyalarga qarab, uning qiymati 1949 dollargacha yetishi mumkin.
AQShda planshetlarga oldindan buyurtma 21-maydan boshlanadi.