“Men o‘lyapman”. Saakashvili xalqaro hamjamiyatdan yordam so‘radi
Gruziyaning sobiq prezidenti Mixail Saakashvili qamoqda bir nechta kasalliklar tufayli ahvoli og‘irlashganini aytib, xalqaro hamjamiyatdan yordam so‘radi. Bu haqda "Politico" xabar berdi.
Qayd etilishicha, sobiq davlat rahbari qamoqda 20 dan ortiq jiddiy kasalliklar bilan og‘rigan.
"Qamoqda sog‘lig‘im keskin yomonlashdi, hozir o‘lyapman. Men muntazam ravishda jismoniy va ruhiy qiynoqlarga duchor bo‘lmoqdaman, hozirda tanamda og‘ir metallardan zaharlanish belgilari bor", dedi Saakashvili xalqaro hamjamiyatga murojaat qilib.
Saakashvili Vashington, London, Bryussel va butun xalqaro hamjamiyatdan Gruziyaga nisbatan diplomatik bosim o‘tkazishni, "Gruziya orzusi" partiyasining hozirgi yetakchisi Ivanishvili va uning sheriklariga qarshi iqtisodiy sanksiyalar qo‘llash orqali uning hayotini saqlab qolishga qo‘llaridan kelganicha harakat qilishlarini so‘ragan.
"Mening o‘limim Gruziyada siyosiy tartibsizlikni keltirib chiqarishi mumkin, ammo yo‘q qilinishim, albatta, Putinning g‘alabasi hisoblanadi — bu mintaqadagi va, ehtimol, Rossiya imperializmiga qarshi tura olmagan butun dunyo rahbarlari uchun kuchli signaldir. Ammo agar AQSH Kongressi va Bayden ma’muriyati sanksiyalar, iqtisodiy embargolar, moliyalashtirishni to‘xtatib turish va viza cheklovlari orqali meni ozod qilish uchun Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlik qila olsa, bu nafaqat Putinga navbatdagi zarba bo‘ladi, balki AQSH va Yevropaning demokratiya, odob-axloq va adolat g‘oyalariga sodiq qolayotganidan dalolat beradi”, deydi u.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq uning o‘g‘li Eduard Saakashvili otasining ahvoli og‘ir ekanini ma’lum qilgan edi. Tbilisi sudi esa uni sog‘lig‘i yomonlashgani uchun qamoqdan ozod qilishni rad etgandi.