Mashhur rossiyalik aktrisa Elena Proklova Islom dinini qabul qildi. Bu haqda O`zbekiston Musulmonlari idorasi rasmiy veb portali xabar qildi.
Yaqinda aktrisa 2006 yildan buyon BAAda istiqomat qiluvchi Tataristonlik tijoratchi Ismoil Shangarievning uyida mehmon bo`lgan edi.
Aktrisaning u erda ko`rgan-kechirganlari, dunyoqarashiga ta`sir qilgan omillar haqida Ismoil Shangariev internet sahifasida ma`lum qildi.
— Elena Islom tamadduni haqida gapirib, bizning dinimiz unga juda yoqishini aytdi, deydi Ismoil. Men unga Islom haqida batafsil ma`lumot berdim. Shunda u Islom ta`limoti asosida hayot kechirishni juda xohlashini, kelajakda tug`iladigan farzandlari, nabiralari ham musulmon bo`lishini orzu qilishini aytdi. Biz u bilan Shayx Zayd masjidiga bordik. Elena o`sha erda: “La ilaha illallohu Muhammadur Rasululloh”, deb Islomni qabul qildi. Shundan so`ng, masjidda o`tirib Yaratgandan o`zi va yaqinlari haqida ezgu duolar qildi.
Aktrisaning aytishicha, musulmonlarning oilasi – bu eng mustahkam oila hisoblanadi. U islomni qabul qilarkan o`zi uchun buyuk sinoatlar eshigi ochilganini aytdi. Jumladan, Islomda ta`qiqlangan narsalarning barchasi, tibbiy jihatdan ham insonga zararli ekaninini, alohida qayd etdi.
Eslatib o`tamiz aktrisa o`tgan yili turmush o`rtog`i bilan ajrashgan edi. Uning aytishicha, yaqin kelajakda turmushga chiqadigan bo`lsa ham faqatgina musulmon insonga turmushga chiqadi. Chunki u farzandlari va nabiralari musulmon bo`lishini juda ham xohlaydi.