Меню
Поиск
Фотоалбом
Главная » Файлы » ISLOM VA DIN HAQIDA

Islom dinida shirk haqida nima deyilgan?


Muslim.uz e’tiqodining asosi bo‘lgan shirk, uning turlari haqida berilgan maqolani chop etdi. Ushbu maqolani quyida to‘lig‘icha o‘qishingiz mumkin.

Arab tilida shirk so‘zi “ikki narsani tenglashtirish”, “tengdosh qilish”, “sherik qilish” degan ma’nolarni bildiradi. Uning shar’iy ma’nosi: Alloh ta’ologa zoti, fe’llari, ibodati va go‘zal ismu sifatlarida maxluqlarni tengdosh qilish, sherik qilish tushuniladi. Qur’oni Karimda shirk va uning o‘zagidan yasalgan so‘zlar 34 marta zikr qilingan bo‘lib, ularning barchasida ushbu gunoh qoralangan va undan qaytarilgan.

Shariatimizga ko‘ra, shirk eng og‘ir zulm, eng qabih jaholat va eng katta gunoh sanaladi. Undan qaytarish jamiki anbiyo alayhimussalomlar da’vatining asosi va samoviy shariatlarning mag‘zidir. Chunki, har bir nabiy va rasul albatta o‘z qavmiga: “Ey, qavmim! Allohga sig‘iningiz! Sizlarga Undan o‘zga iloh yo‘qdir”, – degandir (A’rof surasi, 59-oyat).

Alloh taolo O‘ziga shirk keltirishdan Qur’oni karimning ko‘plab oyati karimalarida qaytargan. Jumladan, Nahl surasining 51-54 oyatlarida shunday degan: “Alloh: “Ikki (soxta) ilohni ma’bud qilib olmangiz! Albatta, U yagona ilohdir! Bas, Mendangina qo‘rqingiz!” – dedi. Osmonlardagi va Yerdagi barcha narsalar Uning mulkidir. Din (itoat qilish) Ungagina(bo‘lishi) vojibdir. Allohdan o‘zgasidan qo‘rqasizmi?! Sizlarda qaysi bir ne’mat bor bo‘lsa, albatta, u Allohdandir. Shuningdek, qachon sizlarga musibat yetsa ham faqat Ungagina yolvorasizlar. So‘ngra (U)sizlardan (o‘sha) musibatni daf etgach, sizlarning orangizdan bir to‘da(kimsalar chiqib) Parvardigorlariga shirk keltirurlar” (Nahl surasi, 51-54-oyat).

Muhtaram jamoat! Ulamolar shirk asosan ikki turga: katta shirk va kichik shirkka bo‘linadi deganlar. Katta shirk – Allohga biror-bir narsani sherik qilish, teng bilish va u zot bilan birga boshqa narsalarga ibodat qilishdir. U gunohi kabiralarning eng kattasidir. Allohning O‘zi saqlasin. Bu borada Haq taolo O‘zining kalomida shunday degan: “Albatta, Alloh O‘ziga shirk keltirish (gunohi)ni kechirmagay va(lekin) ana shundan boshqa (gunohlar)ni O‘zi xohlagan (banda)laridan kechirur. Kim Allohga shirk keltirsa, demak, u ulkan gunohni to‘qib chiqaribdi” (Niso surasi, 48-oyat).

Ikkinchisi, kichik shirk bo‘lib, u kishini Islom millatidan chiqarmasada unda bardavom bo‘lish katta shirkka olib borishi mumkin. Bunda kishi o‘sha ishdan darhol qaytishi va tavba qilishi lozim bo‘ladi.

Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Ey odamlar, ushbu shirkdan saqlaninglar, chunki, u chumolining o‘rmalashidan ham maxfiyroqdir”, –dedilar. u zotga Allohning irodasi ila bir kishi: “Ey Allohning rasuli, agar u chumolining o‘rmalashidan ham maxfiyroq bo‘lsa, qanday qilib undan saqlanamiz?”, – dedi. Shunda u zot sallallohu alayhi vasallam: “Ey Alloh, biz bilib turib, senga shirk keltirishimizdan panoh so‘raymiz, bilmaganimizga istig‘for aytamiz”,– denglar, deb javob berdilar (Imom Ahmad va Imom Tabaroniy rivoyat qilishgan).

Demak, shirk chumolining o‘rmalashidan ham maxfiy tarzda mo‘min kishi amallariga kirib qolishi mumkin ekan. Ulamolarimiz ushbu hadisni izohlab, shirk keltirish barcha solih amallarda, jumladan, duo, sajda, nazr, sadaqa kabi jismoniy va moliyaviy ibodatlarda ham bo‘lishi mumkin, deganlar.

Musulmon kishi o‘zining imon va e’tiqodiga binoan barcha hojatlarini so‘rashda faqat yagona Alloh taolodan so‘rashi va Uning O‘zigagina ibodat qilishi shart. Alloh taolo bu haqda shunday deydi: “...Bas, kimki Parvardigori bilan muloqotda bo‘lishdan umidvor bo‘lsa, u holda ezgu amal qilsin va Parvardigoriga ibodat qilishda hech kimni (Unga) sherik qilmasin!” (Kahf surasi, 110-oyat).

Shariatimiz ko‘rsatmalariga ko‘ra qabrlarni ziyorat qilish sunnat amallardandir. Chunki Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar: “Sizlarga qabrlar ziyoratini taqiqlagan edim. Mana, endi qabrlarni ziyorat etavering, zero u sizlarga oxiratni eslatadi” (Imom Termiziy rivoyati).

Demak, qabristonga borganda u yerda yotgan marhumlarning ahvolini o‘ylab, undan har kim o‘ziga o‘git va ibrat olishi lozim bo‘lar ekan. Shuningdek, aziz-avliyolarning maqbaralarini, yaqinlarimizni qabrlarini ziyorat qilib turish Islom dinida savobli ishlardan sanaladi. Ammo buning ham o‘ziga yarasha tartib-qoidalari bor. Bugungi kunda ayrim vatandoshlarimiz yurtimizdagi ba’zi ziyoratgohlardagi maqbaralar va u yerdagi daraxtlarni muqaddas sanab, uni tavof qilish va unga sig‘inish kabi shirk amallarni qilayotganlari sir emas. Tilaklar ijobat bo‘ladi, deya qabristondagi daraxtlarga latta bog‘lash, qabrlar yoniga sham yoqish, qabr toshlarini o‘pish bid’at va xurofot amallardir. hech narsaga yaramaydigan oddiy bir lattani daraxtga bog‘lab, hojatim ravo bo‘ladi, deyish mantiqqa ham to‘g‘ri kelmaydi.

Ta’kidlab o‘tish joizki, qabrlar ziyorati oxiratni eslash uchundir. Ammo qabrlar ziyoratining asl mohiyatini unutib, aziz avliyolar qabrlariga borib, hojatlarini so‘raydigan, baxt yoki farzand yohud ishiga rivoj tilab, istaklarini sohibi qabrlardan so‘raydiganlar ham bor. Vaholangki, har qanday istak, tilaklarni faqat yolg‘iz Allohdan so‘ralishi kerak. Alloh taolo shunday marhamat qiladi: “Allohni qo‘yib, qiyomat kunigacha ham (duoni) mustajob qila olmaydiganlarga iltijo qiladigan kimsadan ko‘ra kim ham adashganroqdir?! Holbuki, u (jonsiz but)lar o‘sha (mushrik)larning duolaridan g‘ofil (bexabar)dirlar” (Ahqof surasi, 5-oyat).

Hanafiy mazhabidagi mo‘tabar manbalardan biri “Raddul muhtor” kitobida shunday deyilgan: “Avom xalq tarafidan o‘liklarga atab nazr qilish, Allohning do‘stlari qabrlariga ularga yaqin bo‘lish maqsadida tangalar tashlash, sham, chiroqlar yoqish botil va haromdir”.

Muhtaram jamoat! Sarvari koinot Muhammad sallallohu alayhi vasallam hayotlik vaqtlarida Islom dini aqidalari, ahkomu usullarini sahobai kiromlarga mukammal ravishda yetkazganlar. Sahobalar, tobeinlar, tabaa tobeinlardan tortib to bizning asrimizgacha o‘tgan Islom ummati ulamolari, musulmonlarga Alloh qodir qilguncha shariat ahkomlarini tushuntirish, Islomga kirib qolgan bid’at va xurofotlar hamda irim-sirimlarga qarshi jiddiy kurashishda zo‘r mahorat ko‘rsatib kelganlar. Lekin shunga qaramay, musulmon xalqi o‘rtasida hanuz dinga zarracha aloqasi bo‘lmagan ba’zi bir urf-odatlar, asossiz e’tiqodlar hukm surib kelayotganligi achinarli bir holdir.

Ba’zi odamlar ayrim oy, kun, joy va odamlardan shumlanishlari va ular haqida yomon gumonda bo‘lishlari nodonlik va islom shariati ta’limotlaridan bexabarliklariga dalolatdir. Islomdan oldingi johiliyat davrida ham safar oyidan shumlanish odati bor edi. Barcha noto‘g‘ri e’tiqodlar qatori dinimiz bu kabi xurofotdan iborat fikrlarni ham to‘g‘riladi. Payg‘ambarimiz alayhissalom bu borada bir qancha hadislar aytdilar.

Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Kasallikning yuqishi yo‘q, g‘ul yo‘q va safar yo‘q”, – dedilar” (Imom Muslim va Imom Abu Dovud rivoyati).

Ya’ni, dunyodagi har bir narsa shu jumladan, xastalik yuqishi ham faqatgina Alloh taoloning irodasi bilan bo‘ladi. Hadisda zikr qilingan “G‘ul” johiliyat ahli tasavvuridagi bir jin bo‘lib, ular uni turli shakllarga kira oladi, odamlarni adashtirib ketib, turli balolarga uchratadi, degan e’tiqodni qilishar edi. Islom bu noto‘g‘ri e’tiqodni ham rad etdi. Shuningdek, johiliyat ahlining Safar oyi to‘g‘risida ham bid’at-xurofotdan iborat tushunchalari bor edi. Islom bunday asossiz e’tiqodlarni ham rad etib, oy-kunlarning hammasi Alloh taoloniki ekanini e’lon qildi.

Alloh taolo o‘zining kalomida biz ummati Muhammadga shirkning halokatga eltuvchi eng og‘ir gunoh ekanligi borasida hazrati Luqmoni hakimning o‘g‘illariga qilgan nasihatlarini ibrat qilib keltiradi. “Eslang, Luqmon o‘g‘liga nasihat qilib, degan edi: “Ey, o‘g‘ilcham! Allohga shirk keltirmagin! Chunki shirk ulkan zulmdir” (Luqmon surasi, 13-oyat).

Demak, otalar farzandlariga dunyoni qanday to‘plashni emas, oldin shu nasihatlarni qilib, ularga to‘g‘ri e’tiqod va tushunchalarni o‘rgatsalar foydali bo‘ladi. E’tibor bersak Luqmoni hakim birinchi navbatda o‘g‘illariga shirkdan ehtiyot bo‘lishni nasihat qildilar. Demak biz va farzandlarimiz birinchi navbatda shirk amallardan uzoq turishimiz kerak. Chunki shirk eng xatarli, butun solih amallarni yo‘qqa chiqaradigan, jahannamda insonni abadiy qoldiradigan gunohdir.

Hurmatli jamoat! Mav’izaning davomida mo‘min-musulmonlarni kofirga chiqarishning og‘ir gunoh ekanligi haqida suhbatlashamiz.

“Takfir” masalasini chuqurroq o‘rganib chiqsak, bu ish dinimiz asoslarini puxta bilmaslikdan kelib chiqqanini bilib olamiz. Takfirchilar qilayotgan ishini haq ekanligiga mo‘min-musulmonlarning ba’zi shariat ahkomlarini bajarmayotgani va ular aytayotgan gaplarni aytmayotganini dalil qiladilar. Haqli savol tug‘iladi, dinimizda ba’zi shariat ahkomlarini bajarmayotganlar kofir bo‘ladimi? Yo‘q, balki, unday kishilar osiy va gunohkor bo‘ladilar. Chunki imonning rukni ikkita: qalb bilan tasdiqlash va til bilan iqror bo‘lish. Demak, mana shu ikki ruknni bajargan odam mo‘min bo‘ladi va uni kofir deyishga hech kimning haqqi yo‘q!

Ash’ariya aqidaviy mazhabida shariat arkonlariga amal qilishni imon ruknlaridan sanalsada, biror amalni tark qilgan odamni, modomiki farzni inkor qilmas ekan, kofir deyilmaydi.

Moturidiya aqiydaviy mazhabimizdagi mo‘tabar kitoblardan sanalmish “Aqidatut-Tahoviya”da shunday deyiladi: “Ahli qiblalardan birortasini gunohi tufayli kofir demaymiz. Modomiki, o‘sha gunohni halol hisoblamasa”. Bu yerda “ahli qibla”dan murod, Payg‘ambar sallallohu alayhi vasallam keltirgan jami narsalarga imon keltirib, dinning asosiy ruknlaridan birortasini inkor qilmaganlar ko‘zda tutiladi va ularni gunohi kabira yoki gunoh tufayli kofir, deb hukm chiqarmaymiz.

Ba’zi oyat va hadislarda ma’lum bir gunohlarni qilganlarni kofir deb atalgan. Masalan, Qur’oni karimda shunday deyiladi: “Alloh nozil qilgan narsa (oyatlar) bilan hukm qilmaganlar – ana o‘shalar kofirlardir” (Moida surasi, 44-oyat). Bu oyatning taqozosiga ko‘ra, oyatlarga muvofiq hukm chiqarmagan kishi go‘yo kofir sanaladi, deb o‘ylash mumkin. Lekin Ibn Abbosdan shu oyat xususida naql qilinadiki, Allohning hududi (hukmlari)dan birortasini inkor etmay iqror va tasdiq etgan holda ularga muvofiq hukm qilmasa kofir bo‘lmaydi, balki fosiq (gunohkor) bo‘ladi.

Ahli sunna val jamoa ulamolari gunohi kabira qilgan mo‘min butunlay millatdan chiqib ketadigan kofir bo‘lmasligiga ittifoq qilganlar. Chunki kufr ikkiga bo‘linadi. E’tiqodiy kufr va amaliy kufrga (yoki Islomdan chiqaradigan kufr va majoziy kufrga). Ba’zi bir gunohlarni oyat va hadislarda kufr deb atalishi mubolag‘a tariqasida bo‘lib, odamni dindan chiqarmaydigan majoziy kufrdir.

Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam: “La ilaha illalloh” degan kishidan tiyilish (uning moli, obro‘si va joniga talofat yetkazmaslik) imonning aslidir. Bunday kishini hech bir gunohi uchun kofir sanamaymiz, uni biror gunoh amal sababli Islomdan chiqarmaymiz...”, – dedilar(Imom Abu Dovud rivoyati). Ya’ni, imon kalimasini aytib, zohirida musulmonchilikka amal qilib turgan odamni gunohi tufayli Islom dinidan chiqarmaymiz.

Birovni kofir deyish oson ish emas. Chunki bu ishning orqasidan kelib chiqadigan hukmlar ham o‘ta xatarlidir. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallam: “Qachon kishi o‘z birodariga “Ey, kofir” desa, ikkovlaridan biri o‘shanday bo‘ladi”, – deganlar (Imom Buxoriy rivoyati). Ya’ni, haligi odam kofir bo‘lmasa, uni kofir degan odamning o‘zi kofir bo‘ladi. Chunki musulmonni kofir deyishning hukmi shu. Birovni kofir deyishdan oldin bu gap o‘ziga qaytishi mumkinligini o‘ylab qo‘yish kerak bo‘ladi. Zero, bizning hozirgi zamonamizda musulmonlarni tafriqaga bo‘lib tashlash g‘arazi bilan gunoh amal qilganlarni kofirga chiqarish holatlari butun islom olamida ro‘y bermoqda.



Manba:daryo.uz
Категория: ISLOM VA DIN HAQIDA
Просмотров: 5724 | Рейтинг: 0| Рейтинг: Islom dini, haqida, nima deyilgan, shirk
Mavzuga Oid Boshqa Yangiliklar:
Реклама

Всего комментариев: 0
Элатма: Сайт ходимлари ўзларига ёқмаган изоҳларни фаоллаштирмаслик ва огоҳлантирмасдан ўчириш ҳуқуқига эга. Изоҳлар ҳақида тўлиқ маълумот мана бу манзилда (босинг)
Имя *:
Email:
Код *:

Профил

Время: 11:08
Добро Пожаловать, Mexmon

 
Новинка у нас
Самое Популярное
Самое Популярное