Olti kishi bir yil davomida diametri 11, balandligi 6 metr bo‘lgan gumbaz ichida toza havo va odatiy taomlardan mahrum holda yashashni boshladi.
“Fransuz astrobiologi, nemis fizigi hamda to‘rt amerikalik — uchuvchi, arxitektor, shifokor va tuproqshunos ko‘ngilli ravishda bir yil davomida tashqi muhitdan uzilgan holda yashaydi. Ular 12 oy davomida Gavayi orolidagi Mauna-Loa tog‘ining shimoliy nishabiga joylashtirilgan diametri 11, balandligi 6 metr bo‘lgan gumbaz ichida turli tadqiqotlarni olib borishadi”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, tadqiqotning har bir ishtirokchisiga minimal sharoit yaratilgan xona ajratilgan bo‘lib, ular 365 kun davomida kukunsimon pishloq va konvervalangan tunes balig‘i bilan kun kechirishadi. Gumbazdagi hayot tarzi Marsdagi sharoitlarga maksimal darajada yaqinlashtirilgan. Tadqiqot ishtirokchilariga, shuningdek, internetdan cheklangan miqdorda foydalanishga ruxsat berildi.
Odamlar gumbaz tashqarisiga faqatgina maxsus skafandrlarda chiqishlari mumkin. Mauna-Loa tog‘larida o‘simliklar deyarli o‘smagani, hayvonlar butunlay uchramasligi sababli atrof Mars sathiga juda o‘xshash.
Tadqiqot qatnashchilaridan biri Sheyn Giffordning o‘z blogida yozishicha, ushbu olti nafar kishi o‘z xohishiga ko‘ra dunyo chegaralarini tark etib, uni butunlay o‘zgartirishni istaydi.
Arxitektor Tristan Bessingveyt esa Yer va tashqi olamlardagi murakkab sharoitlarda odamlar yashashi uchun imkoniyatlarni oshirish bo‘yicha arxitekturaviy usullarni tadqiq qilishini ma’lum qilgan.
“Mars missiyasi”ning asosiy vazifasi esa insonlarning uzoq davr mobaynida toza havo va odatiy ozuqalarsiz yashay olish-olmasligini o‘rganishdan iborat.