Manzuraning Piterdagi konserti Nazarbekovniki singari bekor qilinmaydi...mi?
“Nihol” mukofoti sovrindori Manzura Yo‘ldosheva ayni vaqtda 5 avgust kuni Rossiya Federatsiyasining Sankt-Peterburg shahrida bo‘lib o‘tadigan yakkaxon konsert dasturiga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rmoqda.
So‘nggi vaqtlarda o‘zbekistonlik ayrim san’atkorlarning xorijda o‘tkazilishi rejalashtirilgan gastrol konsert dasturlari ma’lum qilinmaydigan sabablarga ko‘ra bekor qilinishi kabi holatlar ko‘plab uchrab turibdi. Bunga O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti Ozodbek Nazarbekovning Rossiyadagi gastrol konsert dasturi bekor qilinishini misol qilib keltirish mumkin. Shu sabab xorijda o‘zbek xonandalarining ishtirokida e’lon qilinadigan konsert dasturlariga odamlarning ishonchi susaygan. Xususan Manzura Yo‘ldoshevaning konsertiga kelganda “bu safar ham shunday bo‘ladi”, degan xavotir yo‘q emas. Biz Sankt-Peterburgda istiqomat qilayotgan o‘zbekistonliklardan kelib tushgan murojaatlarni inobatga olgan holda xonanda Manzura Yo‘ldosheva bilan bog‘landik.
“Rostini aytaman, boshqa hamkasblarimning konsert dasturlari bekor qilinishi bilan bog‘liq holatlar bizga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. Shu bois tayyorgarlik va tashkiliy ishlarga jiddiy e’tibor qaratyapmiz. Umid qilamanki, hammasi o‘z o‘rnida, muxlislarning ishonchiga loyiq bo‘ladi. Hozir Toshkentdaman, konsertga tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Konsert repertuaridan 30 ga yaqin qo‘shiqlarim o‘rin olgan. Albatta, ular orasida eng yangilari ham bor.
Konsertni o‘tkazish uchun tashkilotchilar bilan allaqachon shartnoma tuzilgan. Ularda ham hozircha hech qanday muammo yo‘q”, deydi Manzura Yo‘ldosheva.
Ish bor joyda, kamchilik bor, deb bejiz aytishmaydi. Odatda avvalgi xatolar keyingi rejalarni amalga oshirishda o‘ziga xos tajriba vazifasini o‘taydi. Shunday ekan, Manzuraning konserti ham Ozodbek Nazarbekovniki singari bekor qilinmasligiga umid qilamiz. Har holda bu umidni bizga xonandaning o‘zi beryapti.