Manzura: “Vazifam konsertga chipta sotish emas, balki sahnada qo‘shiq kuylash”
— “Nihol” mukofoti sovrindori Manzura o‘zbek shou biznesida o‘z o‘rniga, yo‘nalishiga, muxlislariga ega ijodkorlardan. Mana bir necha yildirki u o‘z o‘rinini yo‘qotmay bir maromda ushlab kelyapti. Bu yil uning ijodiga 18 yil to‘ldi. 1-2-3 fevral kunlari “Istiqlol” san’at saroyida ilk yakkaxon dasturini taqdim etayotgan xonandaning konsert oldi rejalari bisyor.
— Manzura, bugun milliy estradamizda o‘zingizni qaysi o‘rinda ko‘ryapsiz?
— (o‘ylanib) Buni aniq aytish qiyin. Lekin muhimi yo‘nalishim, ijodim hech kimnikiga o‘xshamaydi. Hali undan, hali bundan ko‘chirib hammasini qorishtirib yubormaganman. O‘zimga mos qo‘shiqlarim, ichki olamimni aks ettiradigan musiqalarim yetarli. Albatta kamchiliklarim ham yo‘q emas. Men doim kamchiliklarimga, xatolarimga ochiq nazar bilan qarashga o‘rganganman. Shou-biznesdagi bugungi mavqeimga kelsak, men bu savolingizga birgina naql bilan javob qaytaraman: “o‘zingni er bilsang, o‘zgani sher bil”. Men uchun hamma zo‘r, hammani ijodiga hurmat bilan qarayman. Lekin tinglovchiga sizni qanday mavqedaligingiz-u, to‘yga necha pulga borishingizning ahamiyati yo‘q. Axir yaxshi qo‘shiqni xonandaning mavqeiga qarab eshitmaysiz-ku. Bu savolingiz bilan nimaga sha’ma qilayotganingizni tushungandekman. To‘g‘ri, bizning shou biznesimizda vahima bilan, hali chiqmagan qo‘shiq, taqdim etilmagan konsert oldidan shov-shuv ko‘tarish rosa avj olgan. Bilmadim, balki men bugungi aksariyat san’atkorlarimizga qaraganda, bu borada biroz boshqacharoq fikrlarman. Chunki oilamizda shunday tarbiya qilishgan. Podadan oldin chang chiqarishga, odamlardan oldin o‘zim haqimda fikr bildirishga o‘rganmaganman
— Konsert berishdan maqsad nima?
— Ko‘p mayda sabablarni deb bir necha yildan buyon konsert berish fikridan qaytayotgan edim. Bu yil ijodimga 18 yil to‘ldi. Oxirgi konsert dasturimni 2004 yil “Turkiston” saroyida berganman. Oradan 10 yildan ortiq vaqt o‘tdi. Bu orada juda ko‘p qo‘shiqlar chiqardik. Menimcha konsert berishga bu yil to‘la tayyorman. Ustiga ustak har bir ijodkorning konsert baxonasida muxlislariga aytmoqchi bo‘lgan gaplari bo‘ladi. Ichki tuyg‘ularini, his- hayajonini qo‘shiqlari orqali yetkazgisi keladi. Men ham konsertdan ana shuni maqsad qilganman. To‘y-hashamlar, xalq xizmatlaridagi uchrashuvlar o‘z yo‘liga, lekin mehnatimizni boricha konsert orqali yetkazish hech narsaga yetmaydi. To‘g‘ri konsert bugun eng yaxshi piar usuliga aylangan, lekin, menga bunday piarning keragi yo‘q, menimcha. (kulib) Sezayotgan bo‘lsangiz hozir bermoqchi bo‘lgan savolingizga avvaldan javob berib ketdim.
— Konsert bergandan keyin, zalni to‘ldirishga juda bo‘lmaganda 50 foiz ishonch bo‘lishi kerak. Siz nimaga ishonch bog‘layapsiz?
— (o‘ylanib) Konsertim ustida tajribali ijodkorlar ish olib borishyapti. Yangi qo‘shiqlar tayyorlayapmiz, o‘tgan yili ko‘p qo‘shiqlarni muxlislar e’tiboriga havola etdik. Shularning inobatga olgan holda, muxlislarim meni yolg‘iz qoldirmasligiga umid bog‘layapman. Bilmadim, men bu haqda hozirdan bir narsa deyolmayman. Eng asosiysi qilayotgan mehnatim bilan tomoshabinlar qarshisiga chiqish. Axir ozmuncha mehnat qilmadim. Aytish to‘g‘rimi yoki noto‘g‘ri umrimning asosiy qismini san’atga, ijodimga baxsh etdim. Yaratgan musiqalarim, qo‘shiqlarim o‘sha sahnada yangraganida, bir paytlar qahratonda oyog‘imdan suv o‘tib, soatlab tramvay kutib, tiqilinchda qolib ketgan paytlarim, san’atkor bo‘lish yo‘lida tortgan mashaqqatlarimning bari unut bo‘ladi.
— Bugun ayrimlar o‘zining konsert chiptalarini bozorlarda majburan o‘tkazishganiga ham guvoh bo‘lyapmiz. Balki siz ham shu usuldan foydalanarsiz?
— Shaxsan men oddiy tomoshabin sifatida bunday holatga qarshiman. O‘zimning konsertimga kelsak, hali chiptalar bilan bog‘liq bunday muammolarga uchramadik. Ustiga-ustak chipta masalalari bilan san’atkor emas, uning qo‘l ostidagilar, tashkilotchilar shug‘ullanishi tarafdoriman. To‘rt odam kelsa ham, 4 mingta odam kelsa ham mening vazifam saxnada qo‘shiq kuylash, konsertga chipta sotish emas.
— “Manzuraning oxirgi yillaridagi eng xit qo‘shiqlari asosan xorij estradasidan o‘g‘irlangan. U avval tinmay ijod qilib, keyin konsert bersa bo‘lmasmidi?” – degan fikrlar ham yo‘q emas. Bunga qanday qaraysiz?
— (kulib) Men buni juda oddiy qabul qilaman. Tan olaman bir nechta qo‘shiqlarimizni o‘g‘irlaganman. Ular orasida asliyatda, hech qaeri o‘zgaritirilmay kuylanganlari ham bor. Lekin mening shuncha yillik ijodimni faqat o‘g‘irlangan qo‘shiqlar bilan bog‘lash noto‘g‘ri, menimcha. Agar biror qo‘shiqni xorijdan olib aytgan bo‘lsam-u uni musiqiy albomlarimga kiritsam albatta asl mualliflarini ham zikr etib o‘taman. O‘zimga qo‘yib bersa, o‘g‘irlab aytishga umuman qarshiman, lekin shunday holatlar bo‘ladiki, xorijdan olishga majbur bo‘lasiz. Bunda faqat ijrochini ayblash noo‘rin.
— Bugun tajribali, o‘z mavqeiga ega san’atkorlarimizning konsert dasturlari repertuari to‘ynikidan deyarli farq qilmayotgani, to‘yda kuylanayotgan qo‘shiqlar konsert dasturlaridan o‘rin olayotgani achinarli holat.
— (jahli chiqib) Fikringizga yuz foiz qo‘shilaman, lekin to‘y qo‘shiqlarini ham chiroyli tarzda, kutilmagan sahna ko‘rinishi, teatr shou orqali yetkazib berish imkoniyati ham bor-ku. “Qizg‘onaman” qo‘shig‘im aslida to‘y uchun yaratilgan. Lekin uning sho‘xligini, tomoshabinni raqsga tushishga undashini inobatga olgan holda ajoyib shou tarzida saxnaga olib chiqyapmiz. Yana... Ey, to‘xtang hamma narsani gazetada aytib qo‘ysam konsertga kim boradi (kulgi ko‘tarildi). Aslida raqsbop, sho‘x qo‘shiq qilishning ham o‘zi bo‘lmaydi. Ba’zi qo‘shiqlarimizga umuman odamlarni o‘ynatolmay qolgan paytlarim juda ko‘p bo‘lgan. Shuning uchun raqsbop, to‘y uchun qilingan qo‘shiqlarning hammasini ham chiqitga chiqarib bo‘lmaydi. Uning ortida ham ijodkorning mehnati bor.
—Manzuraning jonli ijroda kuylashga imkoniyati yetarli. Nimaga konsertingizda jonli kuylamayapsiz? Balki bu 18 yillik ijodingizdagi eng kattta yangilik bo‘lar.
— Jonli ijroda kuylay olishimga shubha qilmagan odamlar borligidan xursandman (kulib). Ba’zida san’atdan umuman xabari yo‘q, haqiqiy ijodni ham pulning kuchi bilan o‘lchaydiganlarning jonli ijroda kuylay olmaydi degan gaplarini eshitib, hayron qolaman. To‘g‘ri qaysidir qo‘shiqlarda ovozimiz juda past chiqqan... Qo‘rqmang, savoldan bo‘yin tovlash niyatim yo‘q. Ancha yil konsert bermadim. Shuning uchun ilk konsertni birdaniga jonli ijrodan boshlagim kelmadi. Chunki men ijodimda muxlislarim uchun nima qiziqligini tushunib olishim kerak. Muxlislarim mendan nimani kutayotgani haqida umuman tasavvurga ega emasman. Balki keyingi konsertlarimda jonli ijroda kuylarman.
— O‘zbekiston davlat konservatoriyasida opera yo‘nalishida tahsil olgansiz. Nimaga estrada bilan operani tandem qilib ko‘rmaysiz?
— (O‘ylanib) Siz aytgan narsani 1995 yilda ijodimni endigina boshlaganimda sinab ko‘rganman, lekin tinglovchilar meni bu yo‘nalishda qabul qilmagan. Bugun tinglovchiga etnografik musiqalar yoqyapti. Shuning uchun tinglovchining talabidan kelib chiqishdan boshqa ilojimiz yo‘q. Lekin siz aytgan fikrni ham butkul rad qilolmayman. Balki konsertdan keyin bu haqida bafurja o‘ylab ko‘rarman.
— Shou-biznesimizdagi kuchli ayollar uchtaligiga kimlarni kiritgan bo‘lardingiz. O‘zingiz bu ro‘yxatda bormisiz?
— Hozir buni aniq aytishning iloji yo‘q. Men bugun atrofimda birga ijod boshlaganlardan Shahzoda va Rayhonni ko‘ryapman xolos. Qolgan san’atkorlarimiz bizdan ancha keyin kirib kelishdi. To‘g‘risini aytsam, kechagina san’atga kirib, 4-5 ta qo‘shig‘i bilan e’tiborga tushib, “men zo‘rman” deydiganlarning ko‘pini ko‘rganmiz. Bugun zo‘r bo‘lib turganlarga hasad qilmayman. Aksincha qandini ursin! Biz bilan ham qanchadan-qancha san’atkorlar ish boshlagan edi. Ketma-ket xit qo‘shiqlar, konsertlar, musiqiy albomlar, tinimsiz kliplar namoyishi... Afsuski ularning ijodi uzoqqa cho‘zilmadi. Hatto yulduzlik kasaliga chalinib, katta san’atkorlarni pisand qilmay qolganlar ham bo‘ldi. Hozir ham bundaylar yo‘q emas. Men esa osmonga sakramay yerda yurish tarafdoriman. Mavqeni esa xalqning o‘zi belgilab beraveradi.
— Bizda konsert oldidan piar reklamalar tayyorlash, yolg‘on shov-shuvlar to‘qib chiqarib, e’tibor tortish an’ana tusiga kirgan. Nega konsert oldidan siz ham o‘zingiz haqingizda yangi shov-shuv o‘ylab topmadingiz? Darvoqe, ming afsuski O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Rayhon G‘aniyevning oilaviy muammolarini xonandaning konsert oldi reklamasi bilan bog‘layotganlar ham yo‘q emas.
— Qo‘ying, meni boshqa san’atkorlarning shaxsiy hayotiga aralashtirmang. Odamlarning ham birovni gapirishga haqqi yo‘q.
Qani bir o‘ylab ko‘raylik: men konsertim oldidan qanday shov-shuv ko‘tarib, odamlarning e’tiborini tortishim mumkin? Tashqi qiyofamni plastik jarrohlik yo‘li bilan o‘zgartirganimni hamma bilsa, turmushga chiqmayotgan bo‘lsam, yana nimani piar qilaman? (kulib). Meni konsert oldidan bunday piarlarga ehtiyojim yo‘q. Muxlislarim qo‘shiqlarimni yaxshi ko‘rishsa, ijodimni hurmat qilishsa, meni sog‘inishgan bo‘lsa konsertimga albatta kelishadi.