Shou-biznes olamida o‘z intilishi, mehnatlari hamda samimiyligi bilan xalqimiz muhabbatiga sazovor bo‘lgan va bugungi kunda nafaqat yoshlarning, balki kattalarning sevimli xonandasiga aylangan betakror Shahzoda kutilmagan tarona bilan muxlislarini xushnud etishga ahd qildi. U qozoq tilida qo‘shiq kuyladi. “Ayala” deb nomlangan mazkur kompozisiya “O‘zbegim Taronasi” radiosining premera loyihasi orqali jarang sochdi. Tinglovchilar tomonidan kutilganidanda a’lo darajada qarshi olingan bu musiqiy asar Salikov Medet tomonidan yaratilgan.
Salikov Medet Qozog‘istonlik taniqli shoir va bastakor hisoblanadi. Bu san’at vakili Shahzodaning ijodini doimiy kuzatuvchilaridan biriga aylangan. U internet orqali Shahzoda bilan bog‘lanib, bir nechta taronalarini yuborgan. Ular ichidan xonandaga “Ayala” qo‘shig‘i manzur keldi va uni ijro etdi.
Ma’lumki, Shahzodaning ijodini nafaqat yurtimizda, balki, qo‘shni va yevropa mamlakatlarida katta qiziqish bilan kuzatib borishadi. Bundan kelib chiqib shuni alohida aytib o‘tishimiz joizki, maftunkor Shahzodaning “Ayala” kompozisiyasi Qozog‘istonlik muxlislari uchun ham oltin kuzda munosib tuhfa bo‘ladi. Ayni damda siz xonandaning qozoq tilida kuylangan taronasini saytimiz orqali tinglash va baho berish imkoniga egasiz.