Lola va Yigitali “Sog‘indim” klipi yuzasidan muxlislarning e’tirozlariga javob berdi
Muxlislarning “Lola dugonasining turmush o‘rtog‘i bilan ehtirosli sahnalarda chiqishi shartmidi?”, “Nega aynan Yigitali?” kabi savollariga javob olish uchun “Darakchi.uz” xonanda Lola Yo‘ldosheva va aktyor Yigitali Mamajonov bilan bog‘landi va ularning javoblarini e’lon qildi.
“Menimcha shaxsiy hayot va ishni bir-biriga aralashtirish to‘g‘ri emas. Agar muxlislar klipdagi voqealarni sinchkovlik bilan kuzatgan bo‘lsa, men bundan faqat xursand bo‘laman, demak, biz vazifamizni uddalabmiz. Bizning sohada aktyorlik muhim o‘rin tutadi. Nega aynan Yigitali bilan hamkorlikda ijod qilganimizga kelsak, biz bir necha yil ilgari partnyorlikda klip ishlagan edik. Va Yigitali ilk muvaffaqiyatli rolini ham aynan mening qo‘shig‘imga ishlangan klipda ijro etgandi”, — dedi Lola.
Yigitali Mamajonov esa o‘z fikrini quyidagicha izhor etdi: “Biz kasbimizdan kelib chiqqan holda rol ijro etdik, xolos. Men aktyorman va berilgan vazifani bajarishim shart. Odamlarning gap-so‘zlariga esa anchadan buyon ahamiyat bermay qo‘yganman”.
Eslatib o‘tamiz, Lolaning yangi “Sog‘indim” klipi muxlislarning e’tirozlari va keng muhokamasiga sabab bo‘lgan edi.