Lola kelinlik libosi bilan nimaga shama qilyapti? Lola ikkinchi bor oq ko‘ylak kiyish arafasidami? Xonandaning muxlislarini uning navbatdagi surati va unga qoldirgan izohi ortidan kelib chiqqan mana shu savollar qiynayapti.
Xonanda Lola Yo‘ldosheva o‘zining “Instagram” ijtimoiy tarmog‘idagi shaxsiy sahifasiga kelin ko‘ylagi rasmini joylab, unga “Tushlar to‘ridan seni to‘qidim” deya izoh qoldirdi.
Lolaning mazkur posti uning muxlislari o‘rtasida keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Internet foydalanuvchilaridan biri “Ko‘ylak juda go‘zal va nafis. Bu ko‘ylakda sizni tezroq ko‘rsak edi” degan izoh qoldirdi. Lola esa unga javoban jilmayib qo‘ydi. Xonandaning muxlislaridan yana biri “Siz oq ko‘ylak kiyishga munosibsiz. Vaqti-soati kelib, o‘zingiz orzu qilgan inson albatta uchraydi”, dedi.
Garchi, xonanda shaxsiy sahifasiga oq ko‘ylakning rasmini joylashtirgani sabablariga oydinlik kiritmagan bo‘lsa-da, bu harakatdan Lolaning shaxsiy hayotida tez orada o‘zgarish bo‘lishi mumkinligini anglash qiyin emas.
Izohlardan yana biri e’tiborimizni tortdi. Unda foydalanuvchilardan biri Lolaning Rayhonning konsertiga taklif qilingani yoki qilinmaganini so‘ragan. Xonanda bu savolni javobsiz qoldirdi. Yana bir muxlis esa Rayhonning konsertiga Lolani ko‘rish uchungina tashrif buyurgani bayon etgan. “Sizni qanchalik sog‘inganimni tasavvur ham qilolmaysiz. Noyabr oyigacha ya’ni konsert dasturingizgacha chidolmayman. Sizni ko‘rishim kerak”, deydi xonandaning muxlisi.