Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida yashovchi fuqaro imtiyozli kredit olish so‘roviga rasmiylar ijobiy javob qaytarmagani uchun o‘z og‘zini tikib, ochlik e’lon qildi. Bu haqda u ijtimoiy tarmoqda tarqalgan videomurojaatida aytgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Xalqobod mahallasida yashovchi 1991 yilda tug‘ilgan fuqaro S.S. chorvachilik bilan shug‘ullanish uchun mas’ullardan imtiyozli kredit ajratib berishini so‘ragan. Qolaversa, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga ham yetti marta shu masalada ariza yozgan.
Shuningdek, u videomurojaatida hokim yordamchisi, prokuror yordamchisi, Xalqobod mahalla raisi yordamchisiga ham olti oydan beri murojaat qilayotganini aytgan. Biroq uning so‘rovlari javobsiz qolgan.
Shuning uchun u norozilik bildirish maqsadida o‘z og‘zini tikib, ochlik e’lon qilgan.