Koronavirus miyani yemirishi, bepushtlikka sabab bo‘lishi rostmi?
Bugun AOKA huzuridagi shtabda Sanitariya - epidemiologiya nazorati Davlat inspeksiyasi rahbari Nurmat Otabekov ishtirokida brifing o‘tkazildi. Brifingda muhim savollarga javob qaytarildi. — Koronavirusning og‘ir shakli bilan kasallanib tuzalgan bemorlarda asosan qanaqa ko‘rinishdagi alomatlar saqlanib qolmoqda? — Koronavirus infeksiyasining og‘ir shakli bilan kasallangan bemorlar organizmida tromboemboliya, tromboz, o‘pka arteriyasi tromboemboliyasi yoki o‘tkir koronar yetishmovchilik kabi poliorgan o‘zgarishlar yuzaga kelganligi sababli kasallikdan tuzalgandan keyin ba’zi bemorlarda o‘pka hayotiy sig‘imining (jiznenniy ob’em legkix) 20-30% ga kamayishi, shuningdek, alveolalar devorlarida biriktiruvchi to‘qimani yuzaga kelishitufayli kasallikdan so‘ng o‘pka fibrozi kuzatilishi mumkin, bu esa harsillash, surunkali kislorod yetishmovchiligiga olib keladi. Bundan tashqari yurak-qon tomir tizimida, buyraklarda va asab sistemasida ham patologik o‘zgarishlarni keltirib chiqarishi mumkin. — Koronavirusning yengil formasi bilan kasallanib tuzalgan bemorlarda asosan qanaqa asoratlar qolishi kuzatilmokda? — Turli tasdiqlanmagan manbalarda koronavirusdan davolangandan so‘ng miya yemirilishi, bepushtlik kabi asoratlar qoladi, degan ma’lumotlar tarqamoqda. Kasallikning tibbiy patogenezi bilan tanishmagan holda bunday gaplarni tarqatish noo‘rin. Koronavirusning yengil shaklini boshdan kechirgan bemorlarda kasallikdan tuzalgandan keyin deyarli asoratlar kuzatilmayapti.