JSST rahbari koronavirusning tarqalishida yoshlarni aybladi
Dunyoning qator davlatlarida koronavirus bilan kasallanish holatlarining keskin oshishiga zaruriy himoya choralariga rioya qilmayotgan yoshlarning beparvoligi sabab bo‘lmoqda. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti rahbari Tedros Gebreyesus ma’lum qildi. “Dalillar shuni ko‘rsatmoqdaki, ayrim davlatlarda COVID-19 bilan kasallanish holatlarining ortishiga Shimoliy yarim shardagi yozgi mavsumda o‘zlarining himoya to‘siqlarini susaytirayotgan yoshlarning xatti-harakatlari sabab bo‘lmoqda”, — deydi Gebreyesus. JSST rahbarining so‘zlariga ko‘ra, yoshlar xuddi boshqalar kabi o‘zlarini himoya qilish yo‘lida barcha ehtiyot choralarini ko‘rishlari lozim. “Bu haqda oldin ham aytganmiz va yana takrorlaymiz: yoshlar yengilmas emas. Yoshlar ham kasallikka chalinishi, o‘lishi va virusni boshqalarga yuqtirishi mumkin”, — deydi tashkilot bosh direktori. JSSTning Favqulodda kasalliklar bo‘limining boshlig‘i Mariya van Kerkxovening so‘zlariga ko‘ra, kasallik yoshlarda ko‘pincha yengil shaklda kechadi, biroq JSSTda kasallik yoshlarda ham og‘ir kechgani yoki o‘lim bilan tugagani to‘g‘risida ma’lumotlar bor. “Bundan tashqari, siz sog‘lom bo‘lishingiz mumkin, biroq hamroh kasalliklari bor yoshi katta insonlarga kasallikning yuqishida vositachiga aylanib qolasiz”, — deydi Kerkxove. Avvalroq JSST rahbari dunyoda koronavirus pandemiyasi kuchayib borayotganini ma’lum qilgan edi.