Jizzaxda 15 yoshli maktab o‘quvchisi farzandli bo‘ldi
Jizzaxda 2004-yilda tug‘ilgan 9-sinf o‘quvchisi o‘g‘il farzandni dunyoga keltirdi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati “Daryo”ga ma’lum qildi.
14-noyabr kuni Jizzax shahar “Madaniyat” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi, 5-sonli o‘rta maktabning 15 yashar o‘quvchisi sog‘lig‘i yomonlashganligi sababli Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Jizzax filialiga murojaat qilgan. Shifokorlar uning homilador ekanligini aniqlab, Jizzax viloyati perinatal markaziga yo‘llanma bergan.
U shu kunning o‘zida 1-tug‘ruq bo‘limida 34 haftalik o‘g‘il farzandni dunyoga keltirgan.
Holat yuzasidan 19-noyabr kuni Jizzax shahar IIB tomonidan Jinoyat kodeksining 128-moddasi (O‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.