Jennifer Lopes sevgisini qaytadan topishiga umid qilmoqda
Amerikalik taniqli xonanda Jennifer Lopes uch marta turmushidan ajralib, yaqinda yigiti Kasper Smart bilan ham ayrilishganiga qaramay, kelajakka umid bilan boqmoqda.
Elle jurnaliga bergan intervyusida qo‘shiqchi oilasi, ishi va o‘z sevgisini topishga umidi haqida so‘zladi.
“Men hali-hamon muhabbatga ishonaman. Men uchun yaratilgan kishi yaqin atrofda ekanligini his qilayapman”, — dedi u.
Jey Lo, shuningdek o‘z egizak farzandlari haqidagi xavotirlari va yolg‘iz ona bo‘lish qiyinchiliklari bilan bo‘lishdi: “Bu ancha qiyin narsa. Shunisi bilan qiyinki, farzandlarim otalari yonida emasligidan o‘ksinayotganini bilib turaman”.
Ishi haqida gapirar ekan, Jennifer bu borada doim besh yillik rejani oldindan tayyorlab qo‘yishini aytdi. “Gap biznes haqida boradigan bo‘lsa, menda doimo besh yillik va o‘n yillik rejalar bor. Siz harakatni doimiy ravishda davom ettirishingiz kerak”, — deya ta’kidladi u.