Javohir Zokirov: “Baron” eng zo‘r jamoa bilan yaratildi”
“O‘zbekkino” Milliy agentligi buyurtmasiga asosan yaratilgan, eng uzoq kutilgan filmning yopiq taqdimoti haqida avvalroq xabar bergandik.
Mazkur tadbirga tashrif buyurar ekanmiz, undagi bosh rol ijrochilaridan biri Javohir Zokirovni suxbatga tortdik va uning film haqidagi fikrlari bilan qiziqdik.
- “Baron”ning asl mohiyati yoshlarga harom pul bilan yaxshilikka erishib bo‘lmasligini, harom yo‘l bilan topilgan boylik hech qachon hech kimga yuqmasligini tushuntirishdir. Bu gal yaxshi personajni yaratdim va ushbu rolni o‘ynash men uchun g‘urur bo‘ldi. Aslida barcha yoshlar biz san’atkorlarga qaraydi. Biz obrazimiz orqali qachalik ularni ishontira olsak bu yutug‘imiz bo‘ladi. Bu safar men aynan shunday ijobiy rol yaratishni istadim va bu haqda rejissyor Rustam Sa’dievga aytdim", - deydi aktyor.
Undan salbiy obrazlardan keyin ijobiy qahramonni yaratish qanchalik qiyin bo‘lgani bilan qiziqqanimizda, u shunday javob berdi:
- Men uchun hech qanday qiyinchilik bo‘lmadi, men har bir obrazimni mazza qilib o‘ynayman, har bir rolimni yaxshi ko‘raman, boshqa ish bilan shug‘ullana olmayman, o‘z ishimni sevaman.
Filmning o‘ziga xos tomoni to‘g‘risida aktyor uni juda katta va mahoratli guruh yaratganligini va oldin bunday ansambl bilan hech o‘ynamaganini aytib o‘tdi. Rossiya, Gollivud, eng zo‘r operator, eng zo‘r rejissyor, hatto kichik epizodlarda ham taniqli aktyorlar jamoasi o‘ynadi. Eng zo‘r jamoa o‘ynagani ham filmning o‘ziga xos tomoni bo‘ldi.