Jasur G‘oipov "Yoningda bo‘lay" klip suratga olish jarayoni
2014 yilda o‘zbek estrada olamiga barcha uchun kutilmaganda kirib kelgan va tez orada omma e’tiboriga bir qancha sifatli ijod mahsullarini taqdim etib, o‘z muxlislar auditoriyasiga ega bo‘la olgan xonanda Jasur G‘oipov yangi yilda haqiqiy xit bo‘ladigan, sifatli ijod ishlarini taqdim etishga jiddiy kirishgan. Bunday deyishimizning albatta o‘z sababi bor, xonanda shu kunlarda o‘zining butkul o‘zgacha uslubda ijro etilgan taronasiga klip suratga olish ishlari bilan band.
Bugun aynan mana shu jarayon haqida sizlar bilan o‘rtoqlashamiz. Kuni kecha yosh iste’dodli xonandaning yana bir yangi tarona - "Yoningda bo‘lay" taronasiga klip suratga olish jarayonida qatnashishga muyassar bo‘ldik. Fursatdan foydalanib xonandaga o‘zimizni qiziqtirgan savollar bilan murojaat etdik. - Jasur, bu safar muxlislaringizni nima bilan xayron qoldirmoqchisiz?
JG‘: Men o‘tgan 2014 yilda bergan intervyularimda ham bu gapimni takrorlaganman, ya’ni 2015 yilda umuman boshqa yo‘nalishda ishlash niyatim borligini avvaldan ma’lum qilganman. Va’daga muvofiq muxlislarimga umuman boshqacha, juda ham yuqori sifatli, avval hech kim ishlatmagan musiqiy tovushlardan foydalanib yaratilgan taronaga klip suratga olish jarayoniga o‘zingiz ham mana hozir guvoh bo‘lib turibsiz. - Bugungi klip suratga olinayotgan qo‘shiqhaqida gapirib bersangiz. Matn va musiqa muallifi kim?
JG‘: "Yoningda bo‘lay" deb nomlangan taronamizning matn va musiqasi o‘zimga tegishli. Qo‘shiqning mazmuniga keladigan bo‘lsak, albatta sevgi, muhabbat, yigitning sevgilisidan uzoqdaligida qalbida paydo bo‘ladigan bo‘shliq... Qolganini qo‘shiqni eshitganingizda o‘zingiz tushunib olasiz. - Klip haqida nimalar deya olasiz?
JG‘: Klip g‘oyasi meniki, Jamshid akaga (muh: xonanda prodyuseri Jamshid Hojiniyozov) aytganimda o‘zlarini fikrlari bilan bo‘lishdilar va biroz o‘zgartirishlar kiritdik. Klip trek yo‘nalishida suratga olinadi. Yigit va qiz, ular o‘rtasidagi muhabbatni ko‘rsatib berishga harakat qilamiz. Bosh rolda men va Yulduz ismli model qiz ishtirok etgan. Klip rejisseri: Jamshid Hojiniyozov, operator: Jasur Shametov.
Har bir ijodkor yil boshida o‘z oldiga qandaydir maqsad, rejalar qo‘yadi va shularni amalga oshirish uchun o‘zini tamoman sevimli ijodiga bag‘ishlaydi. Xonanda Jasur G‘oipov ham bu yil muxlislarini butkul yangi ijodiy yangiliklar bilan hayratlantirishni oldiga katta maqsad qilib qo‘yganligini ushbu klip suratga olish jarayoniga tashrif buyurib angladik. Klip suratga olishda ishtirok etayotgan ijodiy jamoaning har bir a’zosi alohida e’tiborga loyiq.
Liboslar ustida ko‘pchilikka tanish, katta iste’dod sohibasi, estardamizning eng yorqin yulduzlari hamkorlik qilishni yoqtiradigan dizayner - Xilola Sher ishlayotganliklari e’tiborimizdan chetda qolmadi. Bosh rol ijrochilarining stilisti - Renata Iskandarova ham sanoqsiz kliplarda akterlarni tashqi ko‘rinishi ustida ishlagan, o‘z ishining ustalaridan biri. Faqatgina professionallar qo‘l urgan klip fevral oyining 25 kunlarida tayyor bo‘lishi kutilmoqda. Ma’lumot o‘rnida yana bir narsani aytib o‘tamiz, xonanda aynan shu qo‘shiqning inglizcha variantini ham kuylagan bo‘lib, shu kuni ingliz tilidagi versiyaga ham klip suratga olindi. Lekin bu tamoman boshqa hikoya.