«Istiqlol» san’at saroyidagi kuzning eng qimmat konserti kimniki?
Toshkentdagi «Istiqlol» san’at saroyida kuzgi konsertlar mavsumi ochildi.
Daryo.uz nashri saroy kassalarida chiptalarning narxlariga asoslangan holda konsertlar reytingini tuzdi.
Mazkur ro‘yxatga ko‘ra, eng qimmat konsertlar reytingidagi yetakchilikni rossiyalik xonanda Valeriy Meladze qo‘lga kiritdi. Uning faqat bir kun, 1 oktyabrda beradigan jonli ijrodagi konsertiga kirish uchun eng arzon chipta narxi 100 ming so‘mni tashkil qilib, eng qimmati 1,2 million so‘mgacha yetdi.
Ro‘yxatning ikkinchi pog‘onasidan xonanda Jahongir Otajonov joy oldi. Uning 28—29 oktabr kunlari bo‘ladigan jonli ijrodagi konserti eng arzon chiptasi — 10 ming so‘m, eng qimmati esa — 200 ming so‘mdan.
Uchinchi pog‘onada «Mening Toshkentim» myuzikli. 24 sentabr kuni bo‘lib o‘tadigan mazkur musiqiy tomoshaning eng arzon chiptasi 8 ming so‘mdan, eng qimmati esa 180 ming so‘mdan sotilmoqda.
Keyingi o‘rindan xonanda Botir Qodirovning 1—6 noyabr kunlari tashkil etiladigan dasturi joy oldi. Uning chiptalari narxi quyidagicha — eng arzon chipta 10 ming so‘m, eng qimmat chipta esa 150 ming so‘m.
Xonanda Ulug‘bek Rahmatullaevning konsertiga chiptalarning eng arzoni 10 ming so‘m, qimmati — 120 ming. Xonanda Bahrom Nazarovning 26—27 noyabr kunlari bo‘ladigan konsertiga kirish narxi 8 ming so‘mdan boshlanib, 90 ming so‘mgacha yetadi.
7—8-o‘rinlardan «Million» qiziqchilar jamoasining hamda qiziqchi Avaz Oxunning konserti joy oldi. So‘z ustalarining konsertlari uchun sotilayotgan chiptalarning eng qimmati — 80 ming so‘mdan. 15—18 sentabr kunlari bo‘ladigan «Million» konsertining eng arzon chiptasi 15 ming so‘m, Avaz Oxunning 17—20 noyabrdagi bo‘ladigan tomoshasiga eng arzon kirish chiptasi esa 10 ming so‘m.