IShID tarkibida qancha jangari borligi ma’lum bo‘ldi
Hozirgi kunda Iroq va Suriya hududida IShID terroristik tashkilotining 18 mingdan 22 minggacha jangarisi faoliyat olib bormoqda. Mazkur ma’lumotlar AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi (MRB) direktori Jon Brennan tomonidan berildi.
Brennan AQSh Kongressi Senatining razvedka bo‘yicha maxsus qo‘mitasi majlisida chiqish qilib, IShIDning hozirgi kundagi faoliyati haqida xabar berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, IShID tarkibidagi jangarilar soni o‘tgan yilgiga qaraganda ancha kamaygan.
Ma’lumotlarga qaraganda, o‘tgan yili terroristik tashkilot tarkibida 33 ming jangari urush olib borgan.
MRB direktori IShIDning boshqa mintaqalardagi tarmoqlari haqida ham ma’lumot berdi. Unga ko‘ra, Liviyada 5-8 ming terrorchi , Misrda bir necha yuz, Yamanda yuzlab, Afg‘oniston va Pokistonda ham bir necha yuz, Nigeriyada taxminan yetti ming terrorchi IShIDga aloqador hisoblanadi.
Brennan Suriya masalasiga to‘xtalar ekan, bu yerdagi “Jabahat an-Nusra” terroristik tashkilotiga ham to‘xtaldi. U bu tashkilotni “Al-Qoida”ning Suriyadagi bo‘linmasi ekanligini ta’kidlab o‘tdi.