Biz har kuni kim bilandir uchrashamiz, suhbatlashamiz. Kimningdir o`zimizga bo`lgan munosabatidan norozi bo`lamiz. O`zimiz bilmagan holda kimnidir hafa qilamiz. Yoki aksincha, kimdandir xursand bo`lib, kimgadir xursandchilik ulashamiz.
Bu o`zaro insoniy munosabatlarda juda ko`p hollarda oddiygina xato qilib qo`yamiz-da, keyin, nega shunday bo`ldi deb ma`yuslanib yuramiz. Birovni ayblab, o`zini farishta sanash insonga xos xususiyat. Biz hammamiz shunaqamiz. Kimnidir maqtashdan ko`ra, uni tanqid qilish osonroq. Kimnidir tanqid qilishdan oldin, uning bir kun kelib o`zimizga ham qaytib kelishi haqida o`ylab ko`raylik.
Tanqidni aloqachi kabutarga o`xshatish mumkin. Amerika prezidenti Abram Linkol`n odamlar bilan munosabatda betakror edi. Uning odamlar bilan munosabatidagi yutug`ining siri nimada bo`lgan?
Agar uning atrofidagilar bilan muloqoti usullarini ko`rib chiqsangiz, buning siri oddiygina tanqid qilmaslikda ekanini tushunib olasiz. Xo`sh uning o`zi ham kimnidir tanqid qilganmi?
U yoshligida tanqidiy maktublar, she`rlar yozib qishloq ko`chalariga tashlab ketardi. Maktub kimga qaratilgan bo`lsa, o`sha kishilar undan ranjishgani aniq. Keyinchalik bir xodisa sabab Linkol`n umuman tanqid qilmaydigan bo`ldi.
Atrofidagilar kimdir haqida tanqid qilsa u: «Ularni tanqid qilmang, mazkur sharoitda biz ham shunday yo`l tutgan bo`lar edik», deydi.
Siz kimnidir boshqacha odamga aylantirishni istaysizmi? Juda yaxshi! Unday bo`lsa bu ishni o`zingizdan boshlang. Haqiqiy xudbinlik nuqtai nazaridan o`zgalarni o`zgartirishdan ko`ra bu foydaliroq ham xavfsizroq.
Balki, o`z o`zingizni takomillashtirish bir yil vaqtingizni olar. Keyin esa buning samarasini ko`rasiz. Konfutsiy: «O`zingizning ostonangiz tozalanmasdan turib, qo`shningiz tomida qor yotganidan shikoyat qilmang», degan edi.
Agar biz o`n yillab, balki umrimizning oxirigacha tatiydigan xafagarchilikka mubtalo bo`lishni istamasak, keling, o`z-o`zimizni ayovsiz tanqid qilish bilan shug`ullanaylik.
Atrofdagilar bilan munosabatda unutmangki, siz mantiqiy fikrlaydigan xilqatlar bilan emas, balki, ehtirosli, mag`rur, shuhratparast mavjudotlar bilan muloqotda bo`lyapsiz.
Tanqid esa porox to`la bochkaga o`xshab g`ururni portlatib yuborishi mumkin. Shuning uchun mumkin qadar odamlar bilan yumshoqroq munosabatda bo`lishni o`rganing.
Yoshligida qo`rs bo`lgan Benjamin Franklin vaqt o`tishi bilan odamlar bilan muomala qilish san`atini shu qadar o`zlashtirdiki, uni Amerikaning Frantsiyadagi elchisi qilib tayinladilar. Uning muvaffaqiyati siri nimada edi? «Men hech kim to`g`risida yomon gapirmayman, biroq odamlarning yaxshi jihatlarini hamma joyda aytaman», degan edi u.
Har qanday nodon tanqid qilishi, ayblashi, noroziligini bildirishi mumkin. Nodonlarning ko`plari shunday qiladilar ham. Ammo birovni tushunmoq, yon bermoq uchun kuchli iroda talab etiladi.
«Buyuk shaxsning buyukligi, uning kichkina odamlar bilan munosabatida namoyon bo`ladi», deydi Karleyl.
Garov boylayman, atrofimizdagilarning 99 foizi kichik odamlarga nisbatan mensimay muomala qiladilar. Siz esa ularning xatosini takrorlamang.