Afg‘oniston harbiylari Surxondaryodagi orolni egallab olgani haqidagi xabarlarga munosabat bildirildi
Kecha, 21 avgust kuni Surxondaryo viloyatidagi “Payg‘ambar oroli” hududida 24 nafar Afg‘oniston fuqarosi davlat chegarasini buzib o‘tdi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, hududida bir guruh Afg‘oniston fuqarolari davlat chegarasini buzib, o‘z qayiqlarida yuqorida qayd etilgan orol tomon harakatlangani ko‘ringan.
Hududga yetib kelgan O‘zbekiston chegarachilariga ular qarshilik ko‘rsatgan.
Olib borilgan tezkor tadbir natijasida O‘zbekiston davlat chegarasini buzganlarning barchasi (jami 24 nafar) shaxsini aniqlash va tezkor-qidiruv tadbirlarini o‘tkazish maqsadida qo‘lga olingan.
O‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, chegaradagi hodisaga O‘zbekistonning chegara zonasida ko‘p miqdorda o‘sadigan qizilmiya ildizining noqonuniy ravishda olib o‘tilishi sabab bo‘lgani aniqlangan.