Sayyora Shahrizodaga maktub yozayapti. Yonida xayolotga berilib o'tiribman. Shu qizni eslasam, vujudimni allaqanday g'alati hislar qamrab oladi. U bilan bog'liq ayrim xotiralardan hayajonlanib, o'zimni noqulay sezaman…
* * *
Yomg'irli kun edi o'shanda. Men navbatchiman. Bunday holatlarda maktab navbatchisining ishi mushkulroq — tanaffus payti bolalarni tashqariga chiqarib bo'lmaydi. Yo'laklarda ham tinchlikni saqlash kerak.
Katta tanaffus. Shahrizoda bir dugonasi bilan ikkinchi qavatda, deraza yonida suhbatlashar, lekin ko'zlari, qaramasam ham his etyapman — men tomonda.
— Sinfga kirsalaring bo'larmidi…
Ular oldinma-ketin sinfga kirdi, men xayolga toldim. Ko'z oldimda Shahrizoda.
Bu go'zal qizning sirli nigohidan, to'g'risi, g'alati holatdaman. Qarashlari qalbimda tashvishlar tug'diryapti. Nahot…
«Yo'q, yo'q, bo'lishi mumkinmas. Oqila, farosatli qizligidan unga hamma havasda. Iboli. O'qishlari ham a'lo. Lekin…»
Kunlar o'tar, Shahrizoda o'sha qiziq odat — yashirincha men tomon sirli boqishlarini hamon tashlamasdi.
Keyinroq Shahrizoda xususida haddan ziyod o'ylayotganimni payqadim. Ha, haddan tashqari. Qaerda bo'lmay, xayol meni beixtiyor Shahrizoda tomon eltar, qaerga qaramay, go'zal surati ko'z o'ngimda. O'zimda qandaydir o'zgarish, boshqacha holatni sezib, rostdan xavotirga tusha boshladim: «Xudoyim, bu nima ahvol? Nahotki… oshiq bo'ldim? O'quvchimga? Oilali, bola-chaqali o'qituvchi o'z shogirdiga? E, yo'q, nimalar deyapman… A, unda uni ko'rish istagi namuncha ko'nglingda jo'sh uradi? Hamisha uchrashging keladi o'sha qiz bilan? Maktabga keldingmi, daqiqa sanab, 11-sinfga darsing yaqinlashishini sabrsizlik bilan kutasan? Sinfga kirdingmi, Shahrizodaning tarovatli chehrasidan ko'z olging yo'q? Nega bunday? Nima uchun?»
O'zimni malomat qilaman: «Senga nima bo'ldi, Maqsud? Aqling joyidami? Ahmoqona xayollarni yig'ishtirib, o'zingni qo'lga ol, u o'quvching!»
Baxtim ekan, bir voqea sabab tezda o'zimni qo'lga olishga erishdim. Kutilmaganda maktabda Sayyora og'rib qoldi. Do'xtir chaqirdik.
— Kasalxonaga olib borish kerak, — dedi «Tez yordam»da kelgan shifokor. — Buyragi shamollagan, shifoxonaga yotqizmasak bo'lmaydi.
Gangib qoldik. O'g'ilchamiz Davronni nima qilamiz? Onasiz go'dakning holi ne kechadi?
Maktab farroshi Jamila opa:
— Davronjonni o'ylamang, — deya Sayyoraning xasta va parishon nigohiga qaradi. — Xotirjam boravering, singlim. Sog'ayib kelganigizga qadar bolaga biz qaraymiz.
— Siz?!
— Men va mana — Shahrizoda!..
Sayyorani shahar kasalxonasiga olib bordik. Davronga qarash Shahrizoda va uning onasi zimmasida. Avvaliga ancha qiynalishdi. Onasiz qolgan go'dak ko'p yig'lar, injiqlik qilardi. Lekin Shahrizodaning, ha, ayniqsa, Shahrizodaning mehribonligi kor qilgandek, ko'p o'tmay ular «ona-bola» bo'lib ketishdi.
Sog'lig'idan ko'ra bolani o'ylayotgan turmush o'rtog'im farzandimizning ishonchli qo'llarda beozor katta bo'layotganidan behad mamnun. Shahrizoda va uning onasidan g'oyat minnatdor.
* * *
Jamila opaning uyida o'tiribmiz. Shu vaqt Shahrizoda uyalinqirab:
— Otam to'g'risida bir narsa yozyapman, ustoz, — dedi.
«Yalt» etib unga qaradim.
— Yaxshi qilasan, singiljonim. Gazetada e'lon qilingan maqolang ta'sirchan chiqqandi. Harakat qilsang, yanada yaxshiroq narsalar ijod qilishing mumkin. Iste'dod bor senda. Lekin iste'dodniyam tarbiyalash kerak. Aytmoqchi, nima yozyapsan otang haqida?
Qizning otasi askarlikda vafot etgan ekan. Ichi to'la anduh, ko'zlari g'amgin. Mahzun jilmayib:
— Bilmadim, hikoya bo'ladimi yoki qissami… — degan edi, turmush o'rtog'i: «Men bilaman-da, — deya suhbatga aralashdi yuzida tabassum bilan, — roman bo'ladi yozganlaring. O'qimagan qizning birinchi romani. O'qimagan qiz — romannavis!»
Ilhom xoxoladi. Jamila opa qoshlarini chimirib, kuyoviga yuzlandi:
— Nega o'qimagan ekan? Bolam maktabni besh baholar bilan tamomladi. Institutda esa… siz o'qitasiz-da endi, va'daga vafo qilib.
— Albatta, onajon. Institutga oboraman bu o'qimaganni, boyib ketganim zahoti! — shunday deb Ilhom xotiniga ko'z qisib qo'ydi: — Boyib ketamiz-a, Shahri?..
— Xudo xohlasa, — dedi Shahrizoda jilmaygan ko'yi, — kitobim chiqsa-yu, bir jomadon qalam haqi olsam… Lekin kitobning nomini anchadan beri o'ylab yuribman: «Girmon urushining so'nggi qurboni». — Ma'qulmi?
Hayron bo'ldim: «Nima? Otasi urush qurboni?»
Nima xayoldaligimni darhol payqab:
— Hayratga tushmang, — dedi Shahrizoda. — Mening otam urushdan ancha keyin, yetmish sakkizinchi yili, yigirma yoshida halok bo'lgan. Askarlikda. Bir vaqtlar tuproqqa fashistlar ko'mib ketgan minaning to'satdan portlashi natijasida.
Vujudimni hayajon qamrab oldi. «Ana gap qayoqda…»
— Faqat otang to'g'risida yozasanmi? — so'radi Ilhom.
— Yo'q, albatta. Ikkinchi qahramonim — onam. Yosh umrini otamning xayoli-xotirasi bilan o'tkazgan onajonim!
— Uchinchisi… men? — kulimsiradi Ilhom.
— Yo'q, domlajonim… — deya menga qararkan yosh ko'rindi Shahrizodaning ko'zlarida.
Hayajonlandim. «Men? Ey, Xudoyim. Nimaga?..»
— E-e unda to'rtinchi ekan-da sho'rlik er?
— Yo'q, Ilhom aka, sizdan oldin bolam o'tiribdi navbat kutib. Davron o'g'lim! Bolajonim! — pichirladi Shahrizoda Davronni mehr bilan bag'riga bosarkan…
* * *
Qishloqdan ko'chib ketganimizga ham uch-to'rt yil bo'ldi. Bir kuni Ilhom qo'ng'iroq qildi-yu, gap orasida:
— O'qimagan qiz asarini yozib tugatdi, shekilli, endi… chizish bilan ovora, — dedi beg'ubor kularkan.
— Chizish bilan, deysizmi?
— Rassom ham bo'lmoqchi chog'i. Lekin faqat sizning rasmingizni chizadi, Maqsud aka!
— Nima? — angrayib qoldim. — Mening rasmimni?
— Devorda osig'liq turgan suratingizga tikilgancha xayol surib o'tirgan ekan, o'zimni go'llikka solib, «Bu kimning rasmi?», deb so'rasam…
Uning gapi meni esankiratib qo'ydi. Keyingi gaplari qulog'imga kirmadi. A'zoi badanim titrab ketdi. «Qiziq, u nega mening rasmimni chizadi? Rasmimni chizib, devorga… Ey, Xudo, nimaga? Hech ham tushunolmayman, namuncha uning «mehri tushib» qolgan menga?!»
Bir necha kun garangsib yurdim. Yuragimni g'ulg'ula bosgandi.
«Nima uchun? Shunchalik nega xayoling menda, Shahrizoda? Nega? Nimaga axir, sababi ne?..»
* * *
Shahrizodadan maktub keldi. Sayyoraga. Menga va Davronga salomlar yo'llabdi. Ana, Sayyora javob yozayapti.
— Siz ham yozasizmi?
— Men? Sening yozganing…
— Eh, Shahrizoda… — xayolchan edi rafiqam. — Siz o'z o'rningizda yozasiz, dadasi. Uning qanchalar yaxshi ko'rishini bilasizmi?
Nogahon bir qalqdim:
— Yaxshi ko'radi? Kimni?
— Sizni-da, — dedi ayolim jilmaygan ko'yi. — Ha, Shahrizoda sizni yaxshi ko'radi. Sababini bilasizmi?..
Shu onda yuragimda nimalar kechayotganidan mutlaqo bexabar holda davom etdi u:
— Sizni ko'rsa, bilasizmi kimni ko'rgandek bo'larkan? — Otasini!
— Otasini?! — dong qotdim.
— Ha. Otasiga ikki tomchi suvdek o'xsharkansiz. Jamila opa ham allaqanday boshqacha qarardi sizga. E'tibor berganmisiz? Buning sababini Shahrizodadan keyinroq bilvoldim.
Ayolimning gaplarini eshitib, meni go'yo chaqmoq urdi. Karaxtman. Qiyofam o'zgarib ketdi chog'i, Sayyora:
— Sizga nima bo'ldi, dadasi? — so'radi xavotirlanib.
Shahrizoda ko'z o'ngimga keldi. Yuzimga mehrli qarashini ko'rganday bo'ldim.
«Dadamni eslatasiz, ustoz!»
Bosh egaman xijolatdan yonib. Ha, nimadir yondiradi mening yuragimni. Aybdorlik hissi! Men gumroh, men ahmoq…
«Qanday xayollarga borganding, yaramas? Siymongda o'z dadasini ko'rganday bo'lsa ota mehri, diydoriga zor bechora qiz. Sen bo'lsang… Sen bo'lsang…»
Chuqur xo'rsindim-u, negadir biroz yengil tortdim. Ko'nglim joyiga tushganday bo'ldi, meni qiynayotgan savollarga, nihoyat, javob topganday bo'lib: «O'xshar ekanman-da, Shahrizodaning shahid otasiga. Shuning uchun… Shuning uchun ham…»
— Maqsud aka…
Turmush o'rtog'imga «Nega shuni vaqtliroq aytmading?» deb baqirgim keldi-yu, o'zimni bosdim — ko'nglini xira qilgim kelmadi. Foydasi yo'q edi. Aslida, unda nima ayb?
Boshimni ko'tardim. Bir alfozda o'tirgan Sayyoraga jilmayib boqdim.
— Xayriyat-e, qoshlaringizning tuguni yozildi. Nima bo'ldi sizga?
«Nima bo'lganini qandoq unga tushuntiray? Qandoq tushuntiray?!»
* * *
Ilhomdan maktub oldim. U shunday yozibdi: «Maqsud aka, shogirdingizni tabriklang — kitobi chiqdi. Esingizdami, kulib «O'qimagan qizning birinchi romani» degandim, farishtalar omin degan ekanmi, ana adabiyotimizda yangi romannavis!. Institutda o'qish, afsus, unga nasib qilmadi — o'qitaman degandim, va'damni bajarolmadim. Lekin boyib ketib asarini kitob shaklida nashr ettirishga, kechroq bo'lsa-da, muvaffaq bo'ldim. Shunisigayam shukr, deyapti shogirdingiz.
Musavvir ham o'qimagan qizning o'zi. Muqovada — sizning suratingiz. Bu Maqsud muallimmi, desam, «Yo'q, dadam» deb turibdi bu o'qimagan. Nimayam derdim. Ha, aytgancha, kitobning nomi «Otajonim». Olib borarmiz bir nusxa».
O'tiribman, vujudim his-hayajonga to'la. Orzulari ushalgan iste'dodli shogirdimning birinchi kitobini o'zimcha tasavvur qilyapman. Muqovada — mening suratim.
Muhammad ShODIY