Hayvonlarga idintefikatsion raqam (pasport) berish yuzasidan fuqarolar o‘rtasida, xususan, ijtimoiy tarmoqlarda turli tushunmovchiliklar, keskin muhokamalar, turli e’tirozlar kuzatilmoqda. “Huquqiy axborot” kanali bu masala muhokamalar markaziga chiqqanini inobatga olib quyidagi ma’lumotlarni eslatib o‘tdi.
Hayvonlarni identifikatsiya qilish o‘zi nima?
Birkalash, tamg‘alash, jetonlash va chip o‘rnatish orqali hayvonlarga individual raqam berish, hayvonlar to‘g‘risida ma’lumotlarni elektron axborot tizimiga kiritish va ularga veterinariya pasportini rasmiylashtirish.
Veterinariya pasporti nima?
Veterinariya pasporti – bu hayvonning identifikatsiya raqami, uning egasi, hayvonlarning kasalliklarga qarshi emlanganligi, davolash ishlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar qayd etib boriladigan hujjat.
Barcha hayvonlar identifikatsiya qilinadimi?
Yo‘q. Faqat qoramol, qo‘y, echki, cho‘chqa, ot, eshak, tuyalar, itlar va mushuklar identifikatsiya qilinadi. Parrandalar, quyonlar va boshqa hayvonlar identifikatsiya qilinmaydi.
Ilgari ham hayvonlar identifikatsiya qilinganmi?
Ha. Ilgari ham itlar va mushuklar identifikatsiya qilingan.
Identifikatsiya qilish tartibi qanday?
Hayvon egalari hayvon tug‘ilgandan so‘ng doimiy yashash joyidagi veterinariya xizmatining vakiliga quyidagi muddatlarda murojaat qilishlari lozim:
– qoramol, qo‘y va echkilar, tuyalarning bolalari 14 kundan keyin;
– qulunlar va xo‘tiklar 4 oyligidan keyin;
– cho‘chqa bolalari 1 oyligidan;
– it va mushuklar 3 oyligidan keyin.
Identifikatsiya uchun hayvonlarni veterinariya bo‘limlariga olib borish kerakmi?
Shart emas. Veterinariya xizmati vakilining o‘zi ariza kelib tushgandan so‘ng 3 kun ichida joyiga borib hayvonlarni identifikatsiya qiladi. Hayvon egasining xohishiga ko‘ra, it va mushuklar ixtiyoriy ravishda veterinariya bo‘limlariga olib borilishi mumkin.
Hayvonlarni identifikatsiya qilish shartmi?
Ha shart. Ushbu shartni bajarmaslik veterinariya, veterinariya-sanitariya qoidalari va normalarini buzish hisoblanadi va tegishli javobgarlikka olib keladi.
Identifikatsiya qilish xizmatlari uchun to‘lov mavjudmi?
Hayvonlarni identifikatsiya qilish xizmatlari uchun hayvon egasidan quyidagi miqdorlarda to‘lov undiriladi:
– har bir qoramol, ot, eshak va tuyalar uchun – 4 460 so‘m;
– har bir qo‘y, echki va cho‘chqalar uchun – 3 345 so‘m;
– har bir it va mushuklar uchun – 2 230 so‘m.
Har bir bosh hayvonga veterinariya pasporti alohida rasmiylashtiriladimi?
Qo‘y va echkilarga guruh usulida veterinariya pasporti rasmiylashtirilishi mumkin. Biroq, pasportda har bir hayvonning alohida identifikatsiya raqami ko‘rsatiladi. Boshqa hayvonlarga esa veterinariya pasporti alohida rasmiylashtiriladi.
Hayvon so‘yilsa yoki nobud bo‘lsa nima bo‘ladi?
Bu holatda hayvon egalari 7 kun muddatda doimiy yashash joyidagi veterinariya xizmatining vakiliga tegishli birka va jetonlar bilan birga veterinariya pasportini hisobdan chiqarish uchun taqdim etadi.