Ma`lum bo`lishicha, inson umri davomida har biri 7 yil davom etadigan 12 ta bosqichdan o`tar ekan. Bu bosqichlarda o`ziga xos muammolarga duch kelish tabiiy. Bundan hayotiy tajriba ortadi va muayyan qiyinchiliklarga chap berishni ham o`rgansa bo`ladi. Boshqacha aytganda, biz insonlar umrimizning har bir yilini o`z yoshimizdan kelib chiqqan holda kutib olamiz va kuzatamiz. Umringizning qaysi bosqichida sog`lig`ingiz qay darajada bo`lishiga qiziqsangiz va uni imkon boricha yaxshilash tarafdori bo`lsangiz, ushbu maqola aynan siz uchun!
0-6 yosh
Jajji odamchaning umurtqasi, skeleti va umuman, butun tayanch-harakat apparati, mushak paylari ham kattalar e`tiboriga muhtoj. Bu davrda uqalash kurslari, yoshga doir jismoniy mashqlar tavsiya etiladi. Bordiyu bu jarayonda lat eyish, pay cho`zilishi kabi muammolar uchrab qolsa, aslo o`zboshimchalik bilan uy sharoitida davolashga urinmang. Bolani travmatolog qabuliga olib boring. Ovqatlanish rasioni tarkibi: sut mahsulotlari, meva-sabzavotlar, A, V, S, E vitaminlari.
7-13 yosh
Ota-onalar bu yoshdagi bolalarning tanosil a`zolari, tayanch-harakat apparati va tishlariga, nutqi va ongi rivojlanishiga, yuragining ishlash maromi, endokrin va nafas olish tizimiga… (bu ro`yxatni hali ancha davom ettirish mumkin) e`tiborli bo`lishlari kerak. 7-13 yosh — bolaning shaxs sifatida shakllanishida asos bo`ladigan, organizm o`sishining eng faol davri. Bola rasionidan yarim tayyor mahsulotlarni umuman olib tashlash kerak. «Fastfud»lar haqida-ku gap ham bo`lishi mumkin emas!
14-20 yosh
Diqqatingizni oshqozon osti bezi, o`t pufagi va jigarga qarating. Xuddi shu davrda sog`lom hayot tarzi va ovqatlanish qoidalarini o`sib kelayotgan yosh avlod ongiga singdirishga ulgurish kerak. Chunki aynan shuning o`zi har qanday parhezdan yaxshiroq samara beradi. Demak, yog`li, qovurilgan mahsulotlar, shirinliklar, achchiq va dudlangan oziq-ovqatlar iste`molini cheklash kerak. Aks holda faqat yuqorida ko`rsatilgan a`zolar emas, teri ham zararlanadi. Axir eng gullagan yoshlik chog`ini husnbuzarlar buzishini kim ham istardi, to`g`rimi?
21-27 yosh
Buyraklar va tanosil tizimiga befarq bo`lmang. Ko`nglingiz xotirjamligi uchun tekshiruvdan o`tsangiz ham chakki bo`lmasdi. Bir sutkada kamida 1,5-2 litr suyuqlik ichish tartibiga amal qiling. Tuz iste`molini ham cheklang (tuzning bir sutkalik me`yori 5 gr.). Hadeb bir xil ovqat tanovvul qilavermasdan taomnomangizni rang-baranglashtiring va o`z vaqtida ovqatlanish qoidasiga amal qiling.
28-34 yosh
Bu ikkinchi o`tish davri bo`lib, tavsiyalar 7-13 yoshdagilarnikiga o`xshash. Faqat qo`shimcha sifatida profilaktika uchun barcha mutaxassis shifokorlar ko`rigidan o`tishni kiritish mumkin. Mavjud kasalliklarni davolashga shu yoshdanoq kirishmasangiz, keyin ularning asoratlari bilan kurashish qiyin bo`ladi. Chekuvchilar bu zararli odatni aynan shu davrda tashlagani ma`qul. Dilbar ayollarimiz uchun esa farzand ko`rishning eng qulay davri.
35-41 yosh
Ovqat hazm qilish tizimi va jinsiy muammolarga e`tibor qaratishning ayni vaqti. Endi tor sohaga yo`naltirilgan shifokorlar (ginekolog, urolog, androlog) ko`rigidan o`tishni muntazamlashtirish shart.
Faol hayot tarzini olib boring. Istasangiz, velosport bilan shug`ullaning. Hayotingizni sayohatlar bilan boyiting. Rasionga kelsak, faqat tabiiy toza mahsulotlarni qabul qila boshlaganingiz ma`qul.
42-48 yosh
Bu — hayotingizning haqiqiy etuklik davri. Undan lazzatlana olish uchun sog`lig`ingiz joyida bo`lishi kerak. Sanatoriy va kurortlarga borish uchun albatta vaqt ajrating! Balki bu siz uchun yangilik bo`lar, ammo bu sihatgohlar siz doimiy yashaydigan hududda yoki aynan shu hudud iqlimiga yaqin joyda bo`lgani ma`qul. Qahva va qora choyni kakao hamda ko`k choyga almashtiring. Yog`li ovqatlardan tamoman voz keching. Sizga xolesterin kerak emas-ku!
49-55 yosh
Bu davrga xos birinchi muammo — arterial qon bosimi. Qiyin bo`lsa-da, voqea-hodisalarga nisbatan hissiy ta`sirlanishdan o`zingizni avaylashingizga to`g`ri keladi. Kuch va asablaringizni asrashingiz kerak. Nafasni mashq qildiruvchi, organizmning quvvat zahiralarini to`ldiruvchi har qanday mashq siz uchun juda foydali. Aytgancha, bunda yoga ayni muddao. Tabiat qo`ynida ko`proq bo`lishga intiling. Rasioningizda baliq va dengiz mahsulotlari bo`lishi shart.
56-62 yosh
Harakatsizlik organizmingizga salbiy ta`sir ko`rsatishi mumkin. Shuning uchun hech bo`lmaganda oddiy gimnastika bilan shug`ullansangiz ham a`zoyi-badaningiz sizdan minnatdor bo`ladi. Ko`proq qatiq iching. U ichaklardagi foydali bakteriyalar zaxirasini to`ldiradi. Oshqozon va ichaklarning to`lqinsimon kerilish harakatlarini kuchaytiruvchi meva va sabzavotlar, jumladan, karamning har xil turlari, lavlagi, yong`oq, olma, bargak, olxo`ri kundalik taomnomangizdan o`rin olsin.
63-69 yosh
Bu davrga kelib, ahamiyat qaratishingiz shart bo`lgan asosiy masala immun tizimi hisoblanadi. Buning resepti juda oddiy: tez-tez toza havoda sayr qiling, qalbingizni qiziq taassurotlar va ijobiy his-tuyg`ular bilan to`ldiring. Ko`proq vaqtingizni farzandlaringiz va nabiralaringiz davrasida o`tkazing. Ular bilan ko`ngilli muloqotlar kayfiyatingizni chog` qiladi.
70-76 yosh
Mushak paylari, bo`g`im va suyaklarga e`tibor qarating. Doimiy ravishda jarroh va ortoped qabuliga borib turing. Shu yillar davomida dengiz tuzlari solingan suvda vanna qabul qilish foydali, ammo bundan oldin o`z terapevtingiz bilan maslahatlashib ko`ring. Chunki bunday vannalardagi tuzning dozasi va jarayonning doimiyligini individual tarzda belgilash kerak. Shirinlik va yog`li taomlardan tiyiling, spirtli ichimliklar haqida-ku, gapirmasa ham bo`ladi.
77-84 yosh
Eng asosiysi, shikastlanishlardan va shunga olib keluvchi vaziyatlardan ehtiyot bo`ling. Ko`chada, jamoat joylarida, ayniqsa, aholi tirband paytda ehtiyotkorlikni unutmang. O`zingizni axborot xurujlaridan ham himoya qiling. Jinoyat, xavf-xatarlar haqida ko`rsatuvlar berilganda iloji bo`lsa, ko`rmaslikka harakat qiling. E`tiboringizni faqat yaxshi narsalarga qarating. Rasioningiz sut mahsulotlari, sabzavotlardan iborat bo`lsin. Og`ir hazn bo`ladigan taomlar iste`molini chegaralang.