U baxt ortidan quvmaydi
Haqiqiy ayol hech qachon baxtning ortidan, nafaqat baxtning balki boshqa narsalarning ketidan ham quvmaydi. Biz har doim nimagadir yetib olishni istaganday doimo shoshilib yuramiz. Balki ertangi kunga, kelajak sari shoshilarmiz. Haqiqiy ayol esa hayot oqimi bilan birday suzadi, bugungi kun bilan yashaydi, deydi “Lady.ru” nashri.
Faqatgina bugun, hozirgi kun – uning diqqatini tortadi va qiziqtiradi
Bugungi ishni ertaga qoldirmaydi. U parhez tutib ozsa, oq ot mingan shahzoda yetib kelishini hech qachon intiqlik bilan kutmaydi.
Haqiqiy ayol bo‘lish imtiyoz ekanligini yaxshi tushunadi
Ayol bo‘lib tug‘ilganligida ham bir sinoat borligini anglab, uning qadriga yetadi. Haqiqiy ayol bo‘lish uning uchun sinov, bir umr yelkasida ortmoqlab o‘tadigan mashaqqat emasligini yaxshi tushunadi. U tom ma’noda ham ichki dunyosi, ham tashqi qiyofasi bilan haqiqiy ayolligini isbotlaydi.
O‘z ish sur’atida yashaydi
Agar shoshilmay, sokin hayot kechiradigan bo‘lsangiz, hayotning shiddatkorligini anglamaysiz. Mabodo hech narsaga ulgurmay, shoshiladigan bo‘lsangiz, hayotni his eta olmaysiz. Har bir insonning o‘z yashash sur’ati bor. Haqiqiy ayol hayot bilan kelishgan holda, unga hamohang tarzda yashaydi. U vazifalarini birovning yelkasiga ortmay, holatdan kelib chiqib, ularni mustaqil ravishda bajarishga harakat qiladi. Uning harakatlarida son emas, sifat yetakchilik qiladi, qilayotgan ishini nima uchun va nima sababdan bajarayotganini yaxshi anglaydi.
O‘zini birinchi o‘ringa qo‘yadi
O‘zini birinchi o‘ringa qo‘ygan odam har doim ham xudbin inson hisoblanmaydi. U birovlarning hayoti bilan yashaydigan odam, o‘z shaxsiy hayotini yo‘lga qo‘yishdan qo‘rqqanligini yashirish uchun boshqalar uchun yelib-yugurishini yaxshi biladi. O‘zini birinchi o‘ringa qo‘yadigan ayol birovga yordam berish, qo‘llab-quvvatlash tuyg‘usidan mosuvo emas. Vaqti kelsa qo‘lidan kelgancha, ko‘magini ayamaydi. Agar dili “yo‘q” desa, tili “ha” deb javob bermaydi. U qalbiga, his-tuyg‘ulariga ishonadi va ularni tinglaydi.
Unga “jamoa fikri uchun baho qo‘yiladigan sinov daftarchasi” kerak emas
Baholar qo‘yiladigan bunday daftarchaga har bir qiz bolaligida ega bo‘ladi va umrini imtihon topshirishga bag‘ishlaydi. Haqiqiy ayolga sinov daftarchasi kerak emas. Mayli, boshqalar turmushga chiqqan, chiqmagan degan satrlarni to‘ldiraversin, unga buning ahamiyati yo‘q. Boshqalarga o‘xshamasligi uni tashvishga solmaydi, uning o‘z hayotiy qarashlari, nuqtai nazari bor. Boshqalar o‘zi haqida nima deb o‘ylasalar ham, qanday odam deb qabul qilsalar ham e’tiroz bildirmaydi. U “hammaga birday yoqish” mumkin emasligini yaxshi tushunadi. Haqiqiy ayol birovlarga yoqish, nom qozonish uchungina o‘z ustida ishlamaydi, unga buning ahamiyati yo‘q, barcha ishni o‘zini sevgani uchungina bajaradi.
“Yaxshi qiz” darajasidan yuqorilaydi
“Yaxshi qiz” deganda ota-ona tarbiyasini olgan, odobli qizlar tushuniladi. Uning vazifasi o‘zi istamasa-da, atrofdagi odamlarning olqishini olish, hammaga birday yoqishdir. U “men albatta shu ishni bajarishim” yoki “bajarmasligim lozim” degan tamoyil bilan yashaydi. Kamdan-kam hollardagina xohish-istaklariga quloq soladi. Haqiqiy ayol “yaxshi qiz” darajasidan yuqoriga ko‘tariladi. Endi unga atrofdagilarning maqtovlari, olqishlari kerak emas. Bu degani odamlarning o‘zi haqidagi fikrlariga nisbatan o‘ta befarq degani emas. U asabini buzib, hech kimga hech narsani isbotlamaydi, bunga harakat ham qilmaydi. Kamchilik deb ataluvchi qusurlari borligidan fojia yasamaydi, ularni yashirmaydi, shu bilan birga ko‘z-ko‘z ham qilmaydi.
Hech qachon hayoti yomonligidan shikoyat qilmaydi
Unga qarab turib, oila boqish maqsadida bir necha joyda ishlashiga, eriga, bolalariga, ro‘zg‘origa qarashga vaqt topishiga, payti kelganda uyini ta’mirlashiga ishonmaysiz. Tinib-tinchimaganiga qaramay, o‘zini parvarish qilishni, chiroyli ko‘rinishni eplaydi. Hech qachon o‘zini ojiz, bechora, mehnatdan ezilib ketgan inson qilib ko‘rsatmaydi.
Yolg‘izlikni taqdir in’omi deb qabul qiladi
Agar yolg‘iz qoladigan bo‘lsa, haqiqiy ayol buning ham qadriga yetadi. Yolg‘iz qolishdan qo‘rqib, duch kelgan odam bilan hayotini bog‘lamaydi. Yolg‘iz qolishning ba’zan inson uchun foydali ekanligini yaxshi anglaydi. Inson yolg‘iz qolganda o‘tmishi, kelajagi, xato va kamchiliklari haqida fikrlaydi. Haqiqiy ayol yolg‘izlikni taqdirning tuhfasi sifatida qabul qiladi.
Har qanday yoshda ham o‘zining yoshini yaxshi ko‘radi
Haqiqiy ayol hozirgi zamonda, real hayotda yashaydi, uni borligicha qabul qiladi. U hech qachon “endi kech” yoki “hali erta” degan iboralarni ishlatmaydi. Bu falsafani yoshini, ichki qarshiliklarini yashirishni istagan ayollar o‘zini oqlash uchun o‘ylab topishgan. Haqiqiy ayol har qanday yoshda ham sevimliligicha qoladi, chunki u ulgurmagan ishlari uchun hech qachon afsuslanmaydi. Bunga unga chiroyi, tashqi qiyofasi sabab bo‘lmaydi, haqiqiy ayol o‘zidan 20 yoshli qizni yasamaydi. U har bir yoshning o‘ziga xos xususiyati, go‘zalligi, jozibadorligi borligini yaxshi biladi.
|