O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Gulbahor Erqulova 27 noyabr kuni Facebook.com ijtimoiy tarmog‘idagi shaxsiy sahifasiga O‘zbekiston xalq artisti Gulsanam Mamazoitova va xonanda Farrux Raimov ijrosidagi “Kuyov” duetining klipidan ba’zi lavhalarni joylashtirib, o‘z e’tirozlarini yozib qoldirgan edi, deb xabar beradi“Qalampir.uz”.
“O‘zbekiston xalq artisti unvoniga loyiq bo‘lsa omad! Qo‘shiqchi serqirra bo‘lishi kerak, lekin to‘yning qo‘shig‘ini ommaga reklama qilish to‘g‘rimi, bilmadim... Katta sahnaga chiqib, yurtni kuylagan xonandalar biroz o‘ylab ish qilishsa yomon bo‘lmas edi”, – deb yozgandi Erqulova. Biroq, nashrning ma’lum qilishicha, xonanda Facebook’dagi bu mulohazalarini o‘chirib yuborgan.
Bugun Gulsanam Mamazoitova Instagram’dagi shaxsiy sahifasiga selfi suratini joyladi va unga quyidagi she’riy misralarni yozib qoldirdi:
“U sahnaning Guli, Bahori.
Eri, quli, yolg‘iz yodgori...
Dilozori – Xudo bezori
Falonchiga unvon beringlar”
She’rda foydalanilgan so‘zlar har kimda har xil tahmin uyg‘otishi aniq. Instagram’dagilarning fikricha, Gulsanam Mamazoitovaning sabr kosasi to‘lib, Erqulovaning tanqidlariga shu to‘rt misra bilan javob qaytarishni ma’qul ko‘rgan. Balki bu she’r O‘zbekiston xalq artisti Gulsanam Mamazoitovaning 9-13 fevral kunlari “Istiqlol” san’at saroyida bo‘lib o‘tadigan navbatdagi konsert dasturidan o‘rin olgan qo‘shiqning so‘zlaridir. Yana kim biladi deysiz”,-deyiladi xabarda.