Меню
Поиск
Фотоалбом
Главная » Файлы » SHOU-BIZNES HABARLARI

Gulsanam Mamazoitova: “Hozircha 5 kun bilan cheklanaman...”
O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti Gulsanam Mamazoitova 9-13 fevral kunlari “Istiqlol” san’at saroyida bo‘lib o‘tadigan “Men sizni topgunimcha” deb nomlangan jonli ijrodagi konsert dasturiga qizg‘in va jiddiy hozirlik ko‘rmoqda. Besh kunlik ijodiy “imtihon”ning naqadar mas’uliyatli ekanini yaxshi his qilgan xonanda uchun har daqiqa g‘animat. Shunday bo‘lsa-da, ommaviy axborot vositalari uchun ham vaqt ajratmoqda. Temiryo‘lchilar madaniyat saroyida bir soat kutib qolganimizni hisobga olmaganda, hammasi ko‘ngildagidek kechdi. O‘n besh daqiqalik vaqtdan foydalanib, belgilangan savollarimizning qariyb barchasiga javob oldik, ayrimlariga esa xonanda javob bermaslikni lozim topdi.
Guvohi bo‘ldik, konsertga tayyorgarlik avjida. Bu yilgi repertuar, ulardagi yangi qo‘shiqlar, tomoshabinlarga manzur bo‘ladigan yangiliklar haqida aytsangiz. 
San’atkor uchun konsert juda katta mas’uliyat talab qiladigan jarayon. Jiddiy tayyorlanayapmiz va imkon qadar konsert bilan bog‘liq barcha jihatlar, repetisiyadan tortib, jurnalistlar bilan muloqotgacha ulgurishga harakat qilayapmiz. Maqsad konsertning har tomonlama saviyali bo‘lishiga erishish.
Repertuar haqida gapiradigan bo‘lsak, u rang-barang mavzu va turli yo‘nalishlarda: vatanparvarlik, onalar va bolalar, muhabbat, sadoqat va hokazo. Nafaqat milliy estrada, balki klassik yo‘nalishdagi qo‘shiqlarga ham urg‘u berilgan. Muxlislar, umid qilamizki, zerikib qolishmaydi.
Xorijiy tillardagi qo‘shiqlar ham bo‘ladimi?
Bu yil o‘tgan yilgidan farqli o‘laroq, faqat o‘zbek tilidagi qo‘shiqlar ijro etiladi. Konsertda muxlislar ko‘nglidan joy olgan qo‘shiqlarimdan tortib, yangi yangi ijod namunalarini taqdim etamiz. Dasturning yarmi avvalgilardan saralangan qo‘shiqlar bo‘lsa, yarmi yangi asarlar.  
Jonli ijroda konsert berishning yaxshi va qiyin tomonlariga izohingiz?
Jonli ijroning yaxshi tomonlardan biri, muxlislar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri, jonli muloqotda bo‘lasiz. Yurakdan chiqayotgan sado, yuraklarga yetib boradi. Qolaversa, jonli ijro san’atkorni charxlaydi, ijro mahoratining o‘sishiga sabab bo‘ladi.
Qiyin tomoni shundaki, hozirgi sovuq ob-havoda tomoqning shamollashi xavfi kuchli. Chunki soatlab ashula aytib chiqib, nafas yo‘llarini shamollatib qo‘yish mumkin. Lekin ovozni asrab, barchasini qoidasi bilan bajarishga harakat qilayapmiz.     
Besh kunlik jonli ijrodagi konsert. Agar jonli ijroda bo‘lmaganda ham shuncha kun konsert berarmidingiz?
Albatta. Hozirgi yoshim va darajamda men uchun yetarli muddat. Balki, vaqti kelib, mahoratim va imkoniyatim yanada ortib, ustozlarimizdek bir necha kunlab konsert berish ham nasib qilar?! Ungacha shu bilan cheklanaman. 
Bu yilgi konsert uchun qaysi shoirlar, bastakorlar, sayqal beruvchilar bilan ishlayapsiz?
Bu yil ham doimiy hamkorlar bilan ishlayapmiz. Bastakorlar Dilshod Ahmadsho, Iqbol Muhammadjonov, Otabek Muhammadzohid, shoirlar O‘zbekiston xalq shoiri Iqbol Mirzo, Rislig‘oy Hotamova va boshqa ijodkorlarga murojaat qildik. Shu o‘rinda yana bir yangilik: konsert dasturida bu yilgi yangi “Bahorim kelgay” deb nomlangan audioalbomni ham muxlislarga taqdim etamiz.
Konsertingiz shoirlar sultoni hazrat Alisher Navoiyning tug‘ilgan kunida boshlanadi. Bilishimizcha, ularning g‘azaliga bastalangan qo‘shiq ham bo‘ladi.
Albatta. O‘zbekiston xalq artisti, ustozimiz Ozodbek Nazarbekov yaxshi tashabbus bilan chiqdi. Uning boshchiligida bir necha yosh xonandalar hazrat Navoiy g‘azallarini o‘z ovoz imkoniyati, yo‘nalishiga qarab, qo‘shiq qilib aytdik. Menga ham shunday baxt nasib etdi. Bahoni xolis tinglovchilar berishadi.       
Nima deb o‘ylaysiz, Gulsanam Otabek singari akasi bo‘lmaganida, shunday darajaga erisha olarmidi?
Albatta, yo‘q. Otabek Muhammadzohid mening ustozim, maslahatgo‘yim, to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatuvchi insonim. Barcha yutuqlarimda ularning hissasi bor. Akam bo‘libgina qolmay, otam o‘rnida ko‘raman. Ularni Yaratganning menga bergan in’omi, deb bilaman.
Otabek Muhammadzohidning asl muxlislari Gulsanamnikidan ko‘p, deyishadi. To‘g‘rimi shu?
Albatta, to‘g‘ri va men bundan faqat xursandman. Bu ularning jigarim bo‘lgani uchungina emas. Agar kasbdoshlarimning muxlisi menikidan ko‘p bo‘lsa, bundan faqat shodlanaman. Chunki insonning ko‘ngli toza, niyati to‘g‘ri bo‘lsa, o‘zi xohlagan natijalarga erishadi. Uning atrofida ham yaxshi insonlar ko‘p bo‘ladi.      
San’atkor odobi. Yomon xulqi bilan xalq orasida obro‘sini yo‘qotgan, milliy mentalitet bilan bilan umuman hisoblashmaydigan qo‘shiqchilarga munosabatingiz?   
To‘g‘risi, undaylarga baho berishga yoshlik qilaman. Biroq har bir inson o‘z millatining an’nalarini, qadriyatlarini, madaniyatini yaxshi bilishi va hurmatlashi shart. Ayniqsa, doim el e’tiborida turadigan san’atkorlar.
Ko‘pincha san’atkorlar sahnada boshqacha qiyofa yoki obrazda, hayotda esa boshqacha qiyofada bo‘ladi. Ikkalasini uyg‘unlashtira olish mumkinmi?
Albatta. Bu san’atkorning o‘ziga bog‘liq. Ko‘pincha muxlislar sahnada kibrli ko‘rinasiz, biroq hayotda unday emassiz, deyishadi. Bundan hursand bo‘laman. Sahnada xushchaqchaq bo‘lib, hayotda esa kibrli bo‘lgandan shu yaxshi-ku.
Xalk artisti unvoni mas’uliyati erkin ijod kilishga halaqit qilmaydimi?
Xalq artisti unvoni juda katta e’tirof va sharaf. Bundan faxrlanaman. Biroq mas’uliyati ham katta. O‘zimni tutishim, kiyinishim, qo‘shiqlarimga yanada mas’uliyat bilan qarashga undaydi. Bu faqat ijobiy holat. Yonimga yurtimizni turli burchaklaridan “ustozlik qiling” deb kelayotgan yosh singillarim, shogirdlarimga ham shuni qattiq uqtiraman.
Onam ham “Sen xalq ko‘z o‘ngidagi insonsan. O‘zingni doim chiroyli tut, namunali bo‘l. Qalbingni toza bo‘lsin va muxlislar ham shunga qarab muomala qilishadi”, deb ko‘p aytadilar.
Internet rivojlanib, bundan barcha birdek foydalanmoqda. Jumladan, san’akorlar ham bugun turli ijtimoiy tarmoqlarda faol. Bunga qanday munosabat bildirasiz?
Ijobiy munosabatdaman. Kim nima maqsadda foydalansa, albatta shunga erishadi. Hammasi insonning o‘ziga bog‘liq. Men ham o‘zim uchun zarur bo‘lgan narsalar, masalan, muxlislar fikri, munosabati va ijodiy yangiliklarim bilan tanishtirib borish uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanib turaman. Internetga kirib, hatto uncha-muncha fonotekalarda yo‘q eski qo‘shiqlarni ham topsa bo‘ladi. Qolaversa, dunyo musiqa olamida bo‘layotgan yangiliklar, iqtisodiy-siyosiy o‘zgarishlar bilan ham tanishib boraman. 
Gulsanam Mamazoitova san’atdan tashqari qaysi kasbni do‘ndirgan bo‘lardi?
Dizaynerlik. Turli liboslar dizayniga qiziqish kuchli. Liboslarimni ham o‘zim saralab, tanlayman. Qo‘shiqcha bo‘lmaganimda, ehtimol, yaxshi dizayner bo‘larmidim.
Tilaklar, istaklar... 
Yurtimiz tinch bo‘lgani uchun bugun yurakka qo‘shiq sig‘ayapti, konsertlar berayapmiz. Doim tinchlik bo‘lsin! Jannatmakon o‘lkamizga hech qachon ko‘z tegmasin!
P.S: Gulsanam Mamazoitova berilajak savollar bilan tanishar ekan, quyidagi ikkita savolga javob berishni istamadi.
Maydonning o‘rtasidagi san’atkor barchaning nigohida. Siz o‘zingiz haqingizdagi tanqidiy fikrlarga doim tanqid bilan javob berasizmi?
Muxlislar juda qiziqishayapti: “Falonchiga unvon bering” degan to‘rtlikning nishoni bormidi?


Manba:kun.uz
Категория: SHOU-BIZNES HABARLARI
Просмотров: 3762 | Комментарии: 1 | Рейтинг: 0| Рейтинг: GULSANAM MAMAZOITOVA
Mavzuga Oid Boshqa Yangiliklar:
Реклама

Всего комментариев: 1
samira100 Iltimos konsert saytka qachon quyasizla
Like | 0
Элатма: Сайт ходимлари ўзларига ёқмаган изоҳларни фаоллаштирмаслик ва огоҳлантирмасдан ўчириш ҳуқуқига эга. Изоҳлар ҳақида тўлиқ маълумот мана бу манзилда (босинг)
Имя *:
Email:
Код *:

Профил

Время: 23:45
Добро Пожаловать, Mexmon

 
Новинка у нас
Самое Популярное
Самое Популярное