Bugun, 20 iyun kuni iste’dodli aktrisa Gulchehra Eshonqulova-Sharopova 35 yoshni qarshiladi. O‘zbek shou-biznesining taniqli vakillari Eshonqulovani ijtimoiy tarmoqlar orqali tavallud kuni bilan tabriklashmoqda.
O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutini tugatgan Gulchehra Eshonqulova-Sharapova 2005 yillardan boshlab tilga tusha boshlagan edi. Aktrisa rejissyor Burhon Sharopovning “Egizaklar yoxud jonim seni” filmi orqali tanilgan bo‘lsa, rejissyor Baxrom Yoqubovning “Fotima va Zuhra” filmi unga omad olib keldi. Aktrisa qachonlardir O‘zbek milliy akademik drama teatrida ham ishlashga ulgurib, “Gamlet” spektaklida rol ijro etgan edi.
“Janob hech kim”, “Feride”, “So‘nggi lahza”, “Shabnam”, “Panoh” kabi filmlardagi rollari bilan tomoshibinlarga yaxshi tanish bo‘lgan aktrisa karerasida 2011 yildan 2014 yilga qadar katta uzilish kuzatildi. Bu esa Eshonqulovaning o‘z xohishi bilan bo‘lgani yo‘q, albatta.
Katta tanaffusdan keyin avvalgi mavqeini u qadar tiklab ololmagan Gulchehra Eshonqulova 2015 yilning 30 may kuni endigina aktyorlik faoliyatini boshlayotgan, asli kasbi sartarosh bo‘lgan Sharof Sharopovga turmushga chiqdi. So‘ng tahsil olish uchun ikkisi ham Turkiyaga jo‘nab ketdi. Ayni damda Turkiyada istiqomat qilayotgan Gulchehra Eshonqulova-Sharopova yaqinda ijtimoiy tarmoqlardagi shaxsiy sahifasi orqali farzand kutayotganini ma’lum qilgan edi.
Fursatdan foydalanib, tahririyatimiz nomidan Gulchehra Eshonqulova-Sharopovaga uzoq umr va sihat-salomatlik tilab qolamiz.