Ertaga, 5 noyabr kuni boshlovchi Farhod Alimov hamda xonanda Rayhon G‘aniyevaning nikoh to‘yi munosabati bilan Toshkentdagi “Sayohat” restoranida soat 12:00 da Amru-ma’ruf dasturxoni yoziladi.
Shu munosabat bilan biz har ikkala juftlik bilan bog‘lanishga harakat qildik. Ular tayyorgarlik ishlari bilan band.
Ikki ijodkorning to‘y munosabatlari bilan bergan maqolalarimizdan birida, Farhod Alimov muxlislar bildirayotgan salbiy fikrlarni inobatga olib, rafiqasi bilan ajrashishiga Rayhonning aloqasi yo‘q ekanini aytgandi. Albatta, aksariyat muxlislar ularning turmush qurayotganidan xursand. Ular orasida hali-hamon to‘yga qarshi chiqayotgan muxlislar ham yo‘q emas.
Farhod Alimov shaxsiy hayotidagi o‘zgarishlarga Rayhonning aloqador emasligini aytganidan so‘ng, uning ijtimoiy tarmoqdagi sahifasi salbiy fikrlar yomg‘iri ostida qoldi. Tabiiyki, baxtli kunlaridan biriga tayyorgarlik ko‘rayotgan har qanday insonga bu yoqmagan bo‘lardi. Bir necha soat avval, Farhod Alimov o‘zining Instagram’dagi sahifasiga aynan salbiy fikr mualliflariga nisbatan javob qoldirdi.
“Hammaga yaxshilik, muhabbat va bir-birini tushunish baxtini tilayman! Men tomonga tupurgan har bir kishiga mustahkam sog‘liq, oilalariga chin dildan baxt va farovonlik tilayman” deyiladi postda.
Shu bilan birga, postga surat ham ilova qilingan.
It va karvon ishtirokidagi tasvirga “Karvon to‘g‘ri yo‘nalishda ketayotganida, itlar, ayniqsa, ko‘proq xuriydi” deb yozilgan.
Farhod Alimovning hamkasbi Jahongir Shahobiddinov ushbu postga quyidagi izohni yozib qoldirdi.
“Siz Yaratgan oldida to‘g‘risiz. Odamlar esa ko‘nikishadi... Siz uchun juda ham xursandmiz. Jilmaying, salom, Farhod Alimov va Rayhon G‘aniyeva”