Shou-biznesda mustahkam o‘ringa ega, deyarli har bir qo‘shig‘i xit darajasiga ko‘tariladigan, qizlarning yokimtoyi, romantik xonanda Shohruxxonning uch kunlik yakkahon konsert dasturiga bugun start berildi.O‘tgan yili ilk imtihon konsertini muvaffakiyatli ravishda o‘tkazganini inobatga olib, bu yilgi dastur kutilgandan a’lo darajada bo‘lishiga ishonch bildirgan xonandaning muxlislari ''Istiqlol'' san’at saroyiga jam bo‘ldilar.
Sahnada joylashgan katta-kichik monitorlar, rang-barang chiroqlar tomoshabin diqqatini tortadi. Sahnada paydo bo‘lgan Shohruxxon ''Saharda'' taronasi bilan dasturni boshladi. Qo‘shiqdan so‘ng salomlashgan xonanda ''Kora ko‘z'' nomli xorazmcha taronasini zamonaviy talqindagi variantini taqdim etarkan, saxnada zamonaviy va xorazmcha milliy libosdagi raqqosalar ajoyib raqslari bilan hirom aylashdi.
Qo‘shiqlar ketma-ketligidan o‘rin olgan ''Maylimi'' taronasini kuylarkan, telefon orqali muloqotga kirishgan Shohruxxon, katta monitorda namoyon bo‘lgan xonanda Lolaga murojaat etar, Lola esa unga dil izhori qilardi. Deyarli barcha muxlislarining dilidan o‘rin olgan ''Yaxshi ko‘raman'' taronasi boshlanishi bilan xamma unga jo‘r bo‘ldi. Lolaning ''Toshkent-Samarqand'' qo‘shig‘ini duet tarzda ijro etishganida-ku, butun zal ular bilan birga kuyladi.
Monitorda namoyish etilayotgan kadrlarda Shohruxxon rassom sifatida rasm chizar, kadr ortidan hayotiy monolog o‘qilardi. Bu vaqt xonanda sahnani tark etganini ko‘pchilik sezmay ham qoldi, hatto.
Ikkinchi blokni ''Men seni sevaman'' xit qo‘shig‘i bilan boshlagan Shohruxxon savat ko‘tarib, gul barglarni saxnaga sochib chiqdi. Keyingi qo‘shiqlar ''Men uchun yig‘lama'', "Yur, kettik bu yerdan'' va ikkita rus tilidagi taronalar raqqosalar ijrosi bilan o‘tdi. Dasturning eng yorqin va olqishlarga sazovor taronalari Munisa Rizayeva bilan hamkorlikdagi ''Sen meni keragim, borim'', maftunkor Shahzoda bilan yaratilgan ''Unutolmadim'' duetlari bo‘ldi.
Monitorda yana monolog ostida rassom tomonidan insoniyat tug‘ilganidan to umri so‘nggiga qadar tashqi ko‘rinishdagi o‘zgarishlar chizilgan videorolik namoyishi bo‘ldi. Romantik ruhiyatda o‘tayotgan konsert o‘rtasida bunday video bekorga taqdim etilmagandi.
Monolog ona haqidagi satrlar bilan yakunlandi va Shohruxxon tomoshabinlar zalidan tushib kelib, volidasiga guldasta tutib ''Onamdek'' qo‘shig‘ini armug‘on etdi. Qo‘shiq so‘nggida ko‘zlariga yosh qalqigan Shohruxxon ''Dunyodagi barcha onalar oldida tiz cho‘kamiz'', dedi-yu, tiz cho‘kdi.
Ta’sirchan taronadan keyin saxnada ''Bojalar'' guruxi, Javlon Shodmonovlar ''Jamshid'' qo‘shig‘i bilan paydo bo‘lishdi. Qariyalar ko‘rinishida grimlangan yigitlar hazil-mutoyiba bilan barchaga tabassum ulashishdi. So‘ng Jahongir Foziljonov bilan duet ijro etildi.
Yaqindagina premera etilgan ''Komila qiz'' bilan birga ''Menga farki yuq'', ''Arazlama go‘zalim'', ''Sensiz yasholmayman'' va yangi ''Bittaku'' qo‘shiqlari ketma-ket jarang sochdi. ''Zo‘rsan'' va ''Chau bambino'' taronalarining remiks varianti konsertning yakuniy kompozisiyalari bo‘ldi.
Xonandaning uch kunlik konsert dasturning birinchi kuni kutilgandan a’lo darajada o‘tdi. Dastur shu qadar rang-barang kechdiki, vaqt kanday o‘tib ketgani sezilmay qoldi.
Har bir qo‘shiq uchun sahnalashtirilgan raqslar alohida sahna ko‘rinishida namoyish etilgani va Shohruxxonning o‘zi ham rol ijro etgan holda kuylagani tahsinga loyiq. Monitorlardagi har bir qo‘shiqlar uchun alohida rolik namoyish etib borilgani e’tiborga loyiq. Dastur davomida xonandaning fan klubi a’zolari ham aktiv ishtrok etishdi. Bu ham Shohruxxonning sevimli xonanda ekanidan dalolatdir.
Oldinda konsertning yana ikki kuni bor. Ilk kuni muvaffakiyatli o‘tgani bilan estradamiz yulduzi Shohruxxonni muborakbod etamiz va keyingi kunlar bundan-da zavqli va fayzli o‘tsin, deya tilak bildiramiz.