Eng boy rossiyaliklar 2022-yilda deyarli 94 milliard dollar yo‘qotdi
24-fevralda Ukrainada urush boshlanganda eng boy rossiyaliklar jami 46,6 milliard dollar mablag‘ini yo‘qotgan. Bu haqda Bloomberg xabar bermoqda.
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, ular G‘arb davlatlari tomonidan Rossiyaga qarshi sanksiyalar joriy etilganidan keyin yana 47 milliard dollar yo‘qotgan.
Qayd etilishicha, milliarderlar aktivlarining kamayishi inflyatsiyaning o‘sishi, markaziy banklarning keskin pul-kredit siyosati, shuningdek, Ukrainadagi urush va sanksiyalar tufayli yuzaga kelgan global tendensiyadir.
Yil davomida sayyoraning eng boy odamlari ro‘yxatidan faqat birinchi 500 nafar tadbirkor deyarli 1,4 trillion dollar yo‘qotgan.
Noyabr oyi boshida rossiyalik eng badavlat tadbirkorlarning yo‘qotishlari 83,4 milliard dollarga baholangan edi. Bu ma’lumotlar Bloomberg milliarderlari indeksida keltirilgan, unga 25 nafar rossiyalik kiradi.
Yil boshidan buyon Renova guruhi asoschisi Viktor Vekselberg rossiyalik milliarderlar orasida qolganlardan ko‘proq mablag‘ yo‘qotgan. Uning boyligi 2022-yil 3-oktabr holatiga ko‘ra 60,8 foizga yoki 11,2 milliard dollarga kamayib, 7,24 milliard dollarni tashkil qilgan.
Ikkinchi o‘rinda “Severstal” direktorlar kengashi raisi Aleksey Mordashov joylashgan bo‘lib, uning boyligi oktabr oyi boshiga kelib 34 foizga yoki 9,78 milliard dollarga qisqarib, 19,1 milliard dollarga tushgan.
Eng boy rossiyalik ishbilarmonlar orasida uchinchi o‘rinda “Novatek” gaz kompaniyasi va kimyo ishlab chiqaruvchi “Sibur”ning yirik aksiyadori bo‘lgan tadbirkor Gennadiy Timchenko joy olgan. Uning boyligi 9,66 milliard dollarga (-43,1 foiz) kamayib, 12,8 milliard dollarni tashkil qilgan.