Orzuingizdagi maktabgacha ta’lim muassasasi qanday? Siz ham boshqa ota-onalar singari farzandingiz eng shinam, chiroyli, hamma sharoiti mujassam, zamonaviy bog‘chaga borishini istaysiz. Narxi ham qimmat bo‘lmasa ayni muddao. Davlat bog‘chalarida hozircha bunday sharoit yo‘q, borlari ham barmoq bilan sanarli. Biroq, umid yo‘q emas.
Joriy yilning 17 martidan boshlab tasdiqlangan MTMlarini o‘yinlar, o‘yinchoqlar, mebel, jihozlar va boshqa texnik vositalar bilan ta’minlash me’yorlari tasdiqlandi.
Ushbu me’yorlarga asosan maktabgacha ta’lim muassasalarida bolalarni jismonan sog‘lom rivojlanishi uchun chiniqtirish va yassi oyoqlikni oldini olish uchun yo‘lakchalar, relaksasion kreslolar, havo tozalagichlar (resirkulyator), sterilizatorlar, aqliy rivojlanishi uchun “Bank”, “Pochta”, “Ferma”, “Avtomobil turargohi” va boshqa o‘yin markazlari, intellektual rivojlanish uchun ko‘p funksiyali sahnalar, “Tasviriy faoliyat” burchaklari bo‘lishi lozim.
Ha, adashmadingiz! Endi bog‘chalarda yuqorida sanalganlarning hammasi bo‘ladi. Faqat biroz kutish kerak. Qancha sabr qilishingiz kerakligini esa Maktabgacha ta’lim vazirligi hali aytgani yo‘q.
Aytgancha, yangi hujjatga ko‘ra, maktabgacha ta’lim muassasasi hududi, o‘yin maydonchalari internet orqali kuzatish imkoniyatiga ega bo‘lgan video kuzatuv texnikasi bilan jihozlanadi.
Xabarda yuqorida sanalgan qulayliklar uchun “ota-onalardan pul yig‘iladi” deyilmagan. Ko‘ngilni xotirjam qiling!