Bir necha yildirki, yil boshida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan "Ehtirom" taqdirlash marosimi o‘tkazilib kelinmoqda. Joriy yil boshida ham ushbu marosim o‘tkazildi. Unda o‘tgan yilda musiqa, xoreografiya, teatr, san’at ta’limi, tasviriy san’at, muzeyshunoslik, san’atshunoslik va boshqa yo‘nalishlarda samarali ijod qilgan 29 nafar ijodkorlar "Ehtirom" mukofoti bilan taqdirlanishdi. Jumladan, “Yil spektakli” deb Samarqand viloyati rus drama teatrining “Minuvshie dni” spektakli, “Yil aktrisasi” deb O‘zbek Milliy akademik drama teatri aktrisasi Nigina Anorboyeva, “Yil aktyori” deb “O‘zbekkino” milliy agentligi xodimi Alisher Yo‘ldoshev, “Yil rejissyori” deb rejissyor Muzaffarxon Erkinov, “Yil estrada xonandasi” deb yosh xonanda Afruza e’tirof etildi. Shuningdek E’tibor, ehtirom, e’zoz yo‘nalishi bo‘yicha “Sahnamiz farishtasi” deb O‘zbek Milliy akademik drama teatri yetakchi sahna ustasi To‘ti Yusupova,“O‘zbek san’ati fidoiysi” Gavhar Zokirova va boshqa ustoz san’atkorlar taqdirlanishdi.