28 marotaba “Dunyoning eng xunuk ayoli” unvoniga sazovor bo‘lgan Enn Vuds mart oyi oxirida Buyuk Britaniyada olamdan ko‘z yumdi, biroq OAVlar bundan endigina xabar topishdi.
Ayol World Gurning Championship aftni bujmaytirish bo‘yicha jahon chempionatining doimiy ishtirokchisi va g‘olibi sifatida nom chiqargan edi. Vuds birinchi marta “Dunyoning eng xunuk ayoli” unvonini 1977 yilda, oxirgi marta esa 2010 yilda qo‘lga kiritgan. Bundan tashqari, ayol bu musobaqada 5 marotaba 2-o‘rinni egallagan.
“Enn shaharda juda mashhur edi. U chempionatning ashaddiy ishtirokchilaridan bo‘lgan. Bu yili biz yarmarkaning biror tadbirini unga bag‘ishlamoqchimiz”, – deb aytdi Nordon olmalar yarmarkasi raisi o‘rinbosari. Aft bujmaytirish chempionati bu yarmarkaning bir qismi hisoblanadi.
Nordon olmalar yarmarkasi dunyodagi eng qadimiy ko‘ngilochar tadbirlardan biri hisoblanadi. Yarmarka har yili sentabr oyining uchinchi shanbasi Ergemont shahrida (Kambriya grafligi) o‘tkaziladi. Yarmarka ilk bor uzoq o‘tmishda – 1267 yilda o‘tazilgan. Afsonalarga ko‘ra lord Egremont bu yarmarkada mahalliy aholini nordon yovvoyi olmalar bilan xo‘p mehmon qilgan.
Bayram har yili an’anaviy tarzda olmalar ortilgan aravalar paradi bilan ochiladi. Bu aravalardan yig‘ilgan olomonga qarata olmalar otiladi. So‘ngra kun mobaynida Ergemontda jonli musiqa yangrab, sotuvchilar mehmonlarni olmalardan tayyorlangan turli taomlar bilan mehmon qiladilar. Tadbirga aft burishtirish jahon chempionati yakun yasaydi.