Davlat telekanallari Yulduz Usmonovaning qo‘shiqlarini berishni boshladi
2006 yildan buyon davlat tasarrufidagi radio va TVlarda ko‘rinish bermayotgan O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonovaning millionlab muxlislari uning sahnaga qaytishini, qo‘shiqlari yana jarang sochini kutayotgan edi. Hatto, bu masalada Shavkat Mirziyoyevning virtual qabulxonasiga murojaat qilganlar ham bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovidan so‘ng Yulduz Usmonovaning katta tadbirlarda qatnasha boshlagani haqidagi xushxabar butun O‘zbekiston bo‘ylab tarqaldi. Bu xonandaning yana TV va radiolarga qaytishiga umid bog‘laganlar uchun ajoyib yangilik bo‘ldi. Axir, 10 yil davomida Yulduz ijoddan to‘xtamadi. Hali AQSh, hali Turkiya, hali Rossiyada o‘zbekning nomini ulug‘ladi, qo‘shig‘i bilan dunyo kezdi. Dunyoning qaysi nuqtasida bo‘lmasin, Yulduzga jo‘r bo‘lib “Adoing bo‘lgaymiz, seni, O‘zbekiston”ni kuylamagan o‘zbek bormi?
O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova 5 dekabr kuni Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan nomzod Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylangani munosabati bilan tashkillashtirilgan konferensiyada ishtirok etdi. Bugun, 7 dekabr kuni esa O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 24 yilligi tantanalarida “Hamroz” nomli qo‘shig‘ini kuylab chiqdi.
Yulduz Usmonovaning ashaddiy muxlislari uchun yana bir xushxabar. Xonandaning qo‘shiqlari davlat telekanallarida ham jarang sochishni boshladi. Bugun “Navo” telekanali orqali O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonovaning bundan 20 yil avval kuylagan qo‘shiqlari namoyish etildi. Tez orada xonandaning yangi ijod namunalari ham telekanallar efirlaridan o‘rin olsa, ajab emas.