Chet tili sertifikatlarining 1000 dan ziyodi o‘z tasdig‘ini topmadi. Bu haqda Davlat test markazi xabar bermoqda.
Chet tilidan B2 va undan yuqori darajadagi milliy yoki xalqaro sertifikatga ega abituriyentlarga oliy ta’lim muassasalariga kirishda chet tili fanidan imtihonlarsiz maksimal ball beriladi.
Buning uchun abituriyentlar onlayn ro‘yxatdan o‘tish vaqtida mazkur sertifikat ma’lumotlarini tizimga kiritadi va ularning sertifikatlari mutaxassislar tomonidan tekshiriladi.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilgi abituriyentlarni onlayn ro‘yxatga olish jarayonida abituriyentlar tomonidan 29 mingdan ziyod chet tili sertifikati tizimga yuklandi.
Sertifikatlar Davlat test markazi mutaxassislari tomonidan tekshirilganda 955 ta sertifikat talabga javob bermasligi aniqlandi, ularning aksariyati chet tili sertifikati emas.
Shuningdek, 56 ta sertifikat qalbaki ekani aniqlanib, bu bo‘yicha tegishli ma’lumotlar tayyorlangan holda huquqni muhofaza qilish organlariga taqdim etilgan.
Qalbakilashtirilgan sertifikatlarning 44 tasi IELs, 9 tasi milliy, 2 tasi HSK, 1 tasi TOEFL iBT sertifikatidir.
Joriy yilda chet tilidan milliy yoki xalqaro sertifikatga ega (sertifikatlari tasdiqlangan) abituriyentlar soni 28 116 nafarni tashkil etdi. Bu 2021 yilga nisbatan 17 468 nafarga yoki 2,6 barobarga ko‘p (2021 yilda 10 648 nafar).