Bugungi kungacha 300 mingdan ortiq abituriyent hujjat topshirdi
Xabaringiz bor, bugungi kunda 2014/2015-o‘quv yili uchun respublika oliy ta’lim muassasalariga qabul jarayonlari ketmoqda. Joriy yilda bakalavrlar tayyorlash bo‘yicha kunduzgi bo‘limlarga umumiy qabul kvotasi 57 907, shu jumladan, davlat grantlari bo‘yicha 19 120 va to‘lov-kontrakt asosida 38 787 nafar miqdorida belgilangan.
DTM saytidagi maxsus sahifada keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur xabar kiritilayotgan vaqtda hujjat topshirgan abituriyentlar soni butun respublika bo‘ylab, 302 706 nafarni tashkil qilmoqda, deb yozadi Xushnudbek Xudayberdiyev o‘z blogida.
Hozircha respublika bo‘yicha Termiz davlat universitetiga eng ko‘p — 17 460 ta hujjat topshirilgan (qabul kvotasi 1690 ta). Keyingi o‘rinlarni 14 035 ta hujjat bilan Andijon davlat universiteti (1405), 13 842 ko‘rsatkichi bilan Jizzax davlat pedagogika instituti (1640), 12 765 ta hujjat bilan Qarshi davlat universiteti (1245) hamda 11 667 ta hujjat bilan Toshkent davlat pedagogika universiteti (1695) band qildi.
Eng katta o‘rtacha tanlov esa, har yilgidek Toshkent tibbiyot akademiyasi Farg‘ona filialiga bo‘lib turibdi. Hozircha mazkur OTMga ajratilgan bitta o‘ringa o‘rtacha 12,18 kishi da’vogarlik qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili OTMlarga rekord darajada hujjat topshirilgan edi. Agar 2013-yilda 57 ta oliy ta’lim muassasalariga abituriyentlardan jami kunduzgi bo‘limga 480 163 ta hujjat qabul qilinib, respublika bo‘yicha o‘rtacha tanlov 8,5 ni tashkil etgan bo‘lsa, 2014-yilda 500 000 dan ortiq abituriyentlarning hujjat topshirishi kutilmoqda.
Hujjatlar 20-iyul kuniga qadar (o‘sha kuni ham) qabul qilinadi.