Abituriyentlar test javoblarini Click xizmati orqali bilishi mumkin
Joriy yilda OTMlarga kirish imtihonlarini topshirgan abituriyentlar test natijalarini onlayn plastik kartochkalariga ulangan Click xizmati orqali bilib olishi mumkin. Bu haqda Click kompaniyasi rasmiy saytidagi ma’lumotga asoslanib, huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev saytida xabar berildi.
Davlat Test Markazi bilan erishilgan hamkorlik natijasida bu yil kirish imtihonlarini topshirgan abituriyentlar va ularning yaqinlari uchun Click tizimida imtihonlarning natijalarini SMS orqali olish imkoniyati yaratildi, deyiladi xabarda.
Natijalarni bilib olish uchun USSD-menyusida (*880#) ochilgan “DTM — 2014” bo‘limiga kirish lozim. Undan so‘ng, abituriyentning javoblar raqamini kiritish kerak bo‘ladi. Imtihon natijalari 15-avgustdan keyin, ya’ni Davlat Test Markazidan olingandan so‘ng avtomatik ravishda SMS orqali yuboriladi.
So‘rov qiymati 1500 so‘mni tashkil etadi.
Eslatib o‘tamiz, DTM saytida berilgan xabarga ko‘ra, test natijalarini 5100 raqamiga SMS yuborish orqali ham bilish mumkin. Mazkur xizmat faqat Ucell kompaniyasi abonentlari uchun amal qiladi. Bitta chiquvchi SMS narxi — $0.75.
Click xizmatini yoqtirish bilan bog‘liq barcha savollar javobini kompaniya saytida (http://click.uz/uz) olish mumkin.