Bugun, 29 dekabrdan boshlab O‘zbekistonning barcha hududlaridagi madaniyat va san’at saroylari qarshisida “Prezident archasi” bayram tadbirlari boshlanadi. Mazkur tantanalarga birinchi navbatda “Mehribonlik” va “Muruvvat” uylari, “SOS – bolalar mahallasi” tarbiyalanuvchilari, shuningdek, ota-ona mehridan mahrum bolalar taklif etiladi.
Tantanali marosimni yuqori darajada tashkil etish uchun Xalq ta’limi vazirligi, «Sen yolg'iz emassan» Respublika jamoat bolalar fondi va boshqa bir qator tashkilotlar bilan hamkorlikda bolalar uchun turli xil sovg‘a-salomlar tayyorlandi.
Mas’ul tashkilotlar Prezident sovg‘alarini Qoraqalpog‘iston Respublikasi va O‘zbekistonning barcha hududlariga yetkazish bo‘yicha zarur ishlarni amalga oshirishdi.