Boshlangan haftada O‘zbekistonga nam havo massasi kirib keladi. Bu haqda O‘zgidromet xabar berdi.
Ertaga, 27 dekabr kuni respublika hududining katta qismida yog‘ingarchilik kutilmaydi. Turkmaniston hududidan nam va iliq havo kirib kelishida faqat Buxoro, Navoiy, Samarqand, Qashqadaryo viloyatlarida ba’zi joylarda kuchsiz yomg‘ir yog‘adi.
Shimolda va cho‘l hududlarda biroz yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) bo‘lishi mumkin. Kunduzi havo harorati 7-12 daraja iliq, ba’zi joylarda 15 darajagacha iliq bo‘ladi.
28 dekabrda nam havo massasi janubiy viloyatlardan respublikaning markaziy hududlariga siljiydi. Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo viloyatlarida ba’zi joylarda biroz yomg‘ir yog‘adi, qolgan hududlarda yog‘ingarchilik kutilmaydi. Havo harorati kechasi 2 daraja sovuq, kunduzi 5-10 daraja iliq atrofida bo‘ladi.
29-30 dekabr kunlari mamlakat bo‘yicha yog‘ingarchilik bo‘lishi ehtimoli kam. Harorat kechasi 2 daraja sovuq 3 daraja iliq atrofida bo‘ladi, kunduzi harorat 2-7 daraja iliq bo‘ladi.
Shuningdek, respublika bo‘yicha ba’zi joylarda tuman tushadi. Ushbu haftada tog‘ oldi va tog‘li hududlarda vaqti-vaqti bilan yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) bo‘ladi.