“Bojalar” guruhining ham, xonanda Farrux Raimovning ham ijod faoliyatida muxlislar qalbiga yetib borgan, sara qo‘shiq va kliplari mavjud. Ammo... Guruch kurmaksiz bo‘lmaydi. “Bojalar” guruhining “Sharmanda” va Farrux Raimovning “Otang rais” taronalarini sifat tarozisida o‘lchaydigan bo‘lsak, ahvol biroz chatoq.
Keling, dastlab “Bojalar” guruhining mazkur qo‘shig‘i va klipiga xolis baho bersak. “Sharmanda”. Qo‘shiqni eshitganlar tarona nima uchun bunday nomlanganini anglab yetgani aniq.
Sharmisoli sharmanda,
Kulishadi, bizni birga ko‘rganda.
Nima desa, deyaverishsin mayli-da,
Ular ham bizga o‘xshagan banda.
Bu qo‘shiqning naqorati. Undan sal avval Jahongir Poziljonov “Bo‘ldi jonim endi, meni jonim dema, Jonim degan so‘z yo‘q men uchun. Jonim bitta, u o‘zimni jonim, Yana kelaverib, tegma jonimga” deb kuylayotgan edi. Naqoratda esa... Siz bu yerda biror mantiqiy bog‘liqlik ko‘ryapsizmi? Qo‘shiqni hech bir muallif yulduz sanab yozmaydi, lekin nega endi ashulaning saviyasi bunday? Biz bir nechta odamlarning fikrini so‘raganimizda, ular Jahongir Poziljonovning qo‘shiq va kliplari avvaldan saviyasiz edi-ku, degan fikrlarni bildirishdi. Biz xonandaning barcha qo‘shiqlarini bachkana va saviyasiz, deyishdan yiroqmiz. Lekin, jurnalist sifatida minglab yoshlarimiz tinglashi mumkin bo‘lgan qo‘shiqlar saviyasining “oqsab” qolishiga ham yo‘l qo‘ya olmaymiz.
Mayli, qo‘shiqning nomini ham, ma’nosini ham qo‘ya turaylik. Klipi-chi? Unda besh nafar qiz har maqomga yo‘rg‘aladi. Osmonni kuzatib foyda topsangiz, topasizu, ammo bu “zararkunandalar”ni ko‘rib emas. Jahongir Poziljonov do‘stlari bilan tushib kelgan mashina qimmatbaho. Ammo qizlarning raqsi juda arzon-garov bo‘ldi-da!
Xonanda avvalo ijodkor inson. Shu xislati bilangina u xalq orasida qadr topadi, e’zozlanadi. Uning soch turmagidan tortib kiygan libosi, ovozi, o‘zini tutishi, hatto u haqdagi mish-mishlar ham doim e’tiborda. Qiziq, nahot klip yaratayotgan xonanda shular haqida o‘ylab ko‘rmasa? Axir saviyasiz qo‘shiq aytganlarni kim ham hurmat qiladi? Umaman, u klipni nima maqsadda yaratadi? Uni ko‘rganlar “ta’mizi bormi bu xonandaning?” deyishi uchunmi? Bu borada uzoq o‘ylasa arziydi…
Qo‘shiqni “boshdan oyoq” tanqid qilmoqchi emasmiz. Har holda, qo‘shiq ritmi, aranjirovkasi yoshlarbop. “Bojalar” guruhining har bir ijod mahsulida kreativlikni kuzatish, yangicha yondashuvni ko‘rish mumkin. Ammo bularning o‘zi kamlik qilishini yuqoridagi fikrlar ko‘rsatib turibdi.
Navbat Farrux Raimovga. Yo‘q, biz bu xonandalarni “savalamoqchi” emasmiz. Shunchaki, aynan bu ikki xonandaning qo‘shig‘i va klipi keng omma orasida ko‘plab tanqidlarga uchramoqda.
“Sani (sening bo‘lishi kerak) dadang rais,
Olib (aslida qo‘shiqda op keladi deb kuylangan) keladi mayiz,
Olib kemasa mayiz,
Nu, pogodi zayats”.
Qiziq, bu qo‘shiq kimlarga mo‘ljallangan ekan-a? Bolajonlargami? Agar yoshlar uchun bo‘lsa, Farrux Raimov manzilda biroz adashgan ko‘rinadi. Bu axir yosh bolalarning tez aytishiga o‘xshaydi-ku! Keling, shu so‘zlarni mantiq ipiga tizib chiqamiz. Klipda yigit yuqoridagi so‘zlarni sevgan qiziga qarata kuylayapti, to‘g‘rimi? Unda qizning otasiga “Olib kelmasa mayiz, nu, pogodi zayats”, deyotgan ekan-da! Qiziq, bu yerda yigit bo‘lajak qayin otasini quyon (zayats) demoqchimi? Yetmaganiga, bir qaynovi ichida bo‘lgan qiz ham yigitning bu so‘zlariga og‘zi qulog‘iga yetguncha jilmaymoqda. Ana, sizga o‘zbek qizining otasiga bo‘lgan mehr-muhabbatiyu, mana sizga o‘zbek yigitining sevgan yorining otasiga bo‘lgan hurmati!
Qo‘shiqqa ishlangan klip haqida nima deysiz? Ayniqsa, yigitlarning qo‘lni cho‘ntakka solvolib, qimirlashiga-chi? Balki klipni ishlash jarayonida xonanda muxlislarimni bir raqsga tushiray, deb niyat qilgan bo‘lsa, ajab emas. Klipdagi boshqa raqslar esa, ochig‘i, muhokama qilishga ham arzimaydi.
Azizlar, biz pashshadan fil yasashni yoki tirnoq ichidan kir qidirishni niyat qilganimiz yo‘q. Shunchaki, o‘zbek san’ati yanada gullab-yashnashi tarafdorimiz. Axir, xonandalar yuqorida tilga olingan kamchiliklarga yo‘l qo‘yishmaganda, qo‘shiq yanada saviyali chiqmasmidi? Biz ijodkorlarga faqatgina omad tilaymiz. Ammo, unutmaslik kerakki, qo‘shiq va klip xonandaning “farzandi”. Unga befarq qarash xato. Har qanday qo‘shiq hamda klipning negizida xalqning ma’naviyati, madaniyatini oshirishga xizmat qiladigan, tarbiyaviy ahamiyatga ega bulgan g‘oya va maqsad mujassam bo‘lishi kerak. Ana shunday ezgu g‘oyaga yo‘g‘rilgan klipning imiji ham go‘zal bo‘lib, ko‘plab muxlislar ko‘nglida uzoq yashaydi.
Qolaversa, yaqinda “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi xonandalar ustidan nazoratni kuchaytirayotgani haqida bong urib chiqdi. Jonli ijro imtihoni, YouTube ijtimoiy tarmog‘iga qo‘yiladigan taqiqlar shular jumlasidan. YouTube ijtimoiy tarmog‘ida esa kliplar aylanib yotibdi. Hozircha natija ko‘rinmayapti.
Nigina Hakimova